Rasmiy munosabat bildirildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan talabalar yashaydigan yotoqxonada o‘tkazilgan o‘rganishlar va aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha e’lon qilingan maqola Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rahbariyati tomonidan o‘rganib chiqildi.
Unda qayd etilishicha, tarqatilgan video materialda tashqi tomoni ko‘rsatilgan bino universitet balansidagi 7-8-sonli talabalar uylari hisoblanadi. Biroq, videoda tilga olingan va ichki holatlari ko‘rsatilgan barcha ko‘rinishlar Davlat-xususiy sheriklik shartnomasi asosida “Argoniya” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan faoliyat olib borilayotgan va o‘sha korxonaga qarashli bo‘lgan 10-11 sonli talabalar uyi hisoblanadi.
Tuzilgan shartnoma talabiga muvofiq, yotoqxonadagi barcha sharoitlarni yaratish, sanitariya-gigiyena me’yorlariga rioya qilish, xodimlarni (komendant, tarbiyachi va h.k.) ishga qabul qilish va ularning xizmat vazifalarini nazorat qilish, shu bilan birga, oyiga to‘lanadigan ijara haqining kalkulyatsiyasini belgilash va to‘lovlarni qabul qilish bevosita “Argoniya” mas’uliyati cheklangan jamiyatining vakolati va javobgarligiga kiradi.
Shunday bo‘lsa-da, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘z talabalarining manfaatlarini himoya qilish va ularning qulay sharoitlarda yashashini ta’minlashni asosiy vazifa deb biladi. Shu asosda, jamoatchilik nazorati tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan salbiy holatlar bo‘yicha universitet ma’muriyati tomonidan “Argoniya” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbariyatiga shartnoma talablarini qat’iy bajarish va kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish bo‘yicha rasmiy talabnoma kiritildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri