Raqamli transformatsiya sharoitida huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar qanday tayyorlanadi?
O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojlanayotgan sharoitda huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
«El-yurt umidi» jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan va gibrid formatda o‘tkazilgan tadbirda o‘ndan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotlardan 40 nafarga yaqin mutaxassis, mahalliy ekspertlar, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.Kolenko va «El-yurt umidi» jamg‘armasi ijrochi direktori G.Ismoilova mazkur tadbir mamlakat xavfsizlik tizimining institutsional modernizatsiyadan texnologiyalarga yo‘naltirilgan rivojlanish modeliga o‘tayotgani ifodasi ekanini ta’kidladi.

Anjumanning o‘tkazilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yil 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan. Xususan, huquqni muhofaza qiluvchi va kuch tuzilmalari tizimida raqamli yechimlar va sun’iy intellekt elementlarini joriy etish sohasida inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, yangi avlod muhandis-texnik va kibermutaxassislarni tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratish shular jumlasidandir.
Keyingi yillarda O‘zbekiston xavfsizlikni nafaqat institutlarning vazifasi sifatida, balki kadrlar tayyorlash sifati, ularning yangi tahdidlarga moslashish hamda texnologik murakkablik sharoitida ishlash qobiliyatining natijasi sifatida ham tobora izchil ko‘rib chiqmoqda.
Anjumanda ta’kidlanganidek, tahdidlarning kiberjinoyatchilikdan tortib sun’iy intellektdan foydalanishgacha bo‘lgan raqamli makonga shiddat bilan ko‘chishi kadrlar tayyorlashda reaktiv modeldan xatarlarni prognozlash va oldini olishga yo‘naltirilgan proaktiv modelga o‘tishni taqozo etmoqda.

Muhokamalar markazida kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, raqamli kriminalistika, robototexnika va dron texnologiyalari kabi yo‘nalishlar bo‘ldi. AQSH, Xitoy, Turkiya, Vengriya va boshqa mamlakatlardan kelgan xalqaro ekspertlar xavfsizlik sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimiga texnologik ta’limni integratsiya qilish borasidagi tajribalarini taqdim etdi.
Bunday model AQSH, XXR, Singapur, Turkiya va Koreya Respublikasi kabi mamlakatlarda joriy etilgan bo‘lib, ularda mutaxassislarni tayyorlash texnologiyalar, tahlil va davlat boshqaruvi tutashuvida yo‘lga qo‘yilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi va kuch tuzilmalari xodimlari uchun maqsadli xalqaro stajirovkalar tizimini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’limning an’anaviy shakllaridan farqli o‘laroq, ushbu model kadrlar ehtiyojini aniqlashdan tortib, nomzodlarni tanlash, tayyorlash, xorijda stajirovka o‘tash va keyinchalik olingan bilimlarni milliy tizimga integratsiya qilishgacha bo‘lgan ko‘p bosqichli yondashuvni nazarda tutadi. Bunday yondashuv yanada aniq va strategik yo‘naltirilgan kadrlar siyosatiga o‘tilayotganini ifodalaydi.

– Texnologiyalar inson o‘rnini bosmaydi, aksincha, uning imkoniyatlarini kuchaytiradi va kasbiy yuksalish uchun yangi ufqlarni ochadi, – dedi Gonkong fan va texnologiyalar universitetining Global intellekt va strategiya bo‘limi rahbari Erik Lo. – Sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va kvant texnologiyalari kabi yo‘nalishlar global kun tartibini belgilab bermoqda va universitetimiz allaqachon o‘z e’tiborini ularni rivojlantirishga qaratgan. Biz nafaqat to‘plangan tajriba bilan o‘rtoqlashishdan, balki talabalardan tortib boshqaruvchilargacha bo‘lgan iqtidorli yoshlarni tizimli tayyorlashni birgalikda yo‘lga qo‘yishdan mamnunmiz. Biz ushbu hamkorlikni Gonkong va O‘zbekiston o‘rtasida, avvalo, kelajak kadrlarini tayyorlash sohasidagi strategik sheriklikning muhim boshlanishi, deb bilamiz. Ishonchimiz komilki, bu bilim almashinuvi bilimlar iqtisodiyoti uchun yetakchilarning yangi avlodini shakllantirishga imkon beradi.
Anjumanning asosiy natijalaridan biri – xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan bir qator memorandumlarning imzolanishi bo‘ldi. Ular orasida «El-yurt umidi» jamg‘armasi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum hamda 2026-yilgacha mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi», «El-yurt umidi» jamg‘armasi va Gonkong fan va texnologiyalar universiteti o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va AQSH Adliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasidagi Tergovchi kadrlarni tayyorlashga ko‘maklashish xalqaro dasturi (ICITAP) ofisi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum bo‘ldi.
Ushbu kelishuvlar qo‘shma ta’lim dasturlari, stajirovkalar va bilim almashinuvini rivojlantirish uchun zamin yaratadi.
N.Abduraimova, O‘zA