Raqamli texnologiyalar vazirligi stipendiyasi g‘oliblari aniqlandi
2025-yil noyabr oyida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan vazirlik tizimidagi ta’lim muassasalarining talaba va o‘quvchilari uchun vazirlik stipendiyasi tanloviga start berilgan edi.
Joriy yilgi tanlovda TATU va Samarqand filiali, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universitetining 2-, 3-, 4-bosqich talabalari, shuningdek TATU va Samarqand filiali qoshidagi akademik litsey o‘quvchilaridan jami 205 nafar nomzod ishtirok etdi. Belgilangan Nizom talablariga muvofiq, ular orasidan 44 nafar talaba va o‘quvchi saralab olindi.
G‘oliblarning 40 nafari universitet talabalari bo‘lsa, 4 nafari litsey o‘quvchilari. G‘olib bo‘lgan talabalarga 10 oy davomida 2 million 60 ming so‘m (BHM: 5,0)dan, o‘quvchilarga esa 824 ming so‘m (BHM: 2,0) miqdorida stipendiya beriladi.
Mazkur stipendiya, avvalo, yoshlarga moliyaviy barqarorlik yaratib beradi. Talaba yoki o‘quvchi qo‘shimcha daromad haqida o‘ylamasdan, asosiy e’tiborini ta’lim olish, ilmiy izlanishlar va yangi g‘oyalar ustida ishlashga qarata oladi. Bu esa ularning bilim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, raqamli texnologiyalar sohasi bugungi kunda jadal rivojlanayotgan strategik yo‘nalish hisoblanadi. Shu sohada iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatimizda innovatsiya, IT-infratuzilma va zamonaviy xizmatlar rivojiga mustahkam zamin yaratiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA