Raqamli nazorat va ochiqlik — samarali kurash kafolati
Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga qarshi kurashish, uning kelib chiqish sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Ayniqsa, aholi salomatligi bilan bevosita bog‘liq sohalarda shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash masalasi alohida ahamiyatga ega.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Sirdaryo viloyati boshqarmasida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ham mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Tadbirda ishtirok etgan boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Jamshid Sultonov ta’kidlaganidek, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat nazorat va jazo choralari bilan cheklanib qolmaydi. U, avvalo, sog‘lom ish muhitini shakllantirish, xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, fuqarolar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim omil sifatida qaralmoqda. Zero, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash tizimidagi har qanday qonunbuzilish yoki mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holati fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Shu nuqtai nazardan, 2022-yil 12-yanvarda qabul qilingan Davlatimiz rahbarining "Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga muvofiq korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini reyting asosida baholash tizimi joriy etildi hamda e-anticor.uz elektron platforma ishga tushirildi. Mazkur platforma orqali boshqarma tomonidan har chorak yakuni bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar joylashtirib borilmoqda. Bu esa faoliyatning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, amaliy natijadorlikni xolis baholash, inson omilini qisqartirish hamda byurokratik to‘siqlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

Ayni paytda sohada profilaktik tadbirlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muntazam o‘tkazilayotgan onlayn seminarlar, har oylik va har choraklik tahlillar orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlar barvaqt aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xodimlar o‘rtasida halollik, xizmat intizomi va shaxsiy mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Eng muhimi, ochiq muloqot ruhida o‘tgan matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillarining sohada kuzatilishi ehtimoli bo‘lgan huquqbuzarlik holatlari yuzasidan bergan savollariga batafsil javob qaytarildi. Xususan, umumiy ovqatlanish ob’ektlari, maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari, shuningdek, tibbiyot muassasalarining sanitariya holati bilan bog‘liq ayrim hududlarda kuzatilayotgan korrupsiyaviy holatlar yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar atroflicha muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, sohada qonuniylik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida ichki nazorat tizimi takomillashtirilmoqda, raqamli monitoring mexanizmlari keng joriy etilmoqda. Eng asosiysi, bu nafaqat korrupsiyaviy holatlar va huquqbuzarliklarni oldini olishga, balki aholi salomatligini muhofaza qilish va jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga ham xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri