Raqamli markirovkalash mahsulot aylanmasini tartibga soladi
bugungi kunda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularni jahon bozorida erkin taklif qila olishning muhim prinsiplaridan biri bu raqamli iqtisodiyotning mavjudligidir.
Misol uchun, u yoki bu kompaniyaning ishlab chiqarish hajmi va imkoniyatlari to‘g‘risida ochiq analitika bazasining borligi, mahsulot aylanmasi zanjiri ishtirokchilari to‘g‘risida kerakli ma’lumotlar – bularni taqdim etuvchi yagona tizimning mavjudligi iqtisodiy munosabatlarning zarur talabi.
Aynan shu maqsadlarda mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni qurish va uni jadal rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Raqamli markirovka tizimining joriy etilishi ulardan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 noyabrdagi “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi joriy etilishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2020 yil 31 dekabrdagi “Ayrim turdagi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimi bosqichma-bosqich joriy etilishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq, mahalliy alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar uchun mahsulotlarni identifikatsiya vositalari yordamida markirovkalash va tovar aylanmasi hajmini kuzatish tartibi joriy etildi.
Bu jarayon boshlanganiga to‘qqiz oy to‘ldi. Bu vaqt oralig‘ida qanday yutuqlarga erishildi, qanday muammolar yuzaga keldi va ular qay tartibda hal etildi? Umuman olganda, markirovka tizimi bu segmentga nimalarni berdi? Mamlakatimizda raqamli markirovka tizimi qachon va nimadan boshlandi, degan o‘rinli savollar tug‘ilishi tabiiy, albatta.
Yuqoridagi jarayonlarni amalga oshirish maqsadida davlat-xususiy sherikchilik asosida faoliyat yurituvchi “Asl belgisi” mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi joriy etilgan. “CRPT Turon” MCHJ ushbu axborot tizimining operatori hisoblanadi.
“Asl belgisi” axborot tizimi mamlakatimiz mahsulot bozorini shaffof va tovarlar haqiqiyligini kafolatlaydigan to‘laqonli tizimni yaratishga yordam beradi, bu orqali importchilar hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun katta qulaylik yaratadi. Undagi maxsus raqamli kod tovarlarning haqiqiyligini kafolatlaydi. Tizimning asosiy vazifasi esa iste’molchilar xavfsizligini ta’minlash, soxta va sifatsiz mahsulotlarga qarshi kurashish hisoblanadi.
Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi, nima sababli davlatimiz markirovka tizimini birinchi bo‘lib aksizli tovarlardan boshladi?
Buning sababi juda oddiy - bu guruhga oid mahsulotlar to‘g‘risida barcha ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun. Chunki tamaki va alkogol bozori juda katta va unda ishtirokchilar soni juda ko‘p. Ishtirokchi, deganda biz nafaqat ishlab chiqaruvchilarni, balki importchilar, ulgurji va chakana savdo vakillarini ham nazarda tutamiz. Mamlakatimizga olib kirilayotgan bu turdagi mahsulotlarning aniq hajmi ma’lum emas. Demak, soliq tushumlarini ham hisoblashning imkoni past, chunki “yashirincha” olib kirish holatlari mavjud.
Ikkinchi muhim masala - bu fuqarolarimizning salomatligi. Markirovka tizimi nazorat qilish imkoniyatini oshiradi, chunki har bir mahsulot maxsus kodga ega bo‘ladi.
Maxsus raqamli kod – Data Matrix yorlig‘iga joylashtiriladi va tovar haqidagi barcha ma’lumotlarni, ya’ni ishlab chiqaruvchining nomi, ishlab chiqarilgan yoki sotiladigan joy, sana va vaqt, yaroqlilik muddati, standart raqam kabi axborotlarni olish imkonini taqdim etadi. Ushbu ma’lumotlar davlat axborot tizimida saqlanadi hamda ushbu raqamli kodni mahsulotga yelimlash barcha noqonuniy mahsulotlar tarqalishining oldini oladi.
Bu kodni telefon yordamida skanerlab, iste’molchi tovar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarga ega bo‘la oladi. Buning uchun esa maxsus “Asl belgisi” maxsus mobil ilovasi ham ishlab chiqarilgan. Xaridor mahsulotni xarid qilishdan oldin uning aslligini tekshirishi va undan keyingina uni xarid qilishi mumkin.
Marhabo Madaminova, [10.11.2021 16:31]
Bu segmentda kontrabanda va kontrafakt ulushi haqida ham aytib o‘tish muhim. Ushbu holatlarning oldini olish borasida Davlat soliq va bojxona qo‘mitalari bilan hamkorlikda bu global muammoga qarshi samarali kurash olib borilmoqda. Aytish mumkinki, mamlakatimizda tamaki yoki alkogol mahsulotlarini noqonuniy tarzda olib kirish yoki ularni qandaydir tashlandiq omborlar va yerto‘lalarda ishlab chiqarib, muomalaga kiritish holatlari ham yo‘q emas.
Shu sababli bu muammo bilan kurasha oladigan kuchli va mohiyatli usul ancha vaqt davomida izlandi. Eng maqbul yechim hozirda bu aynan raqamli markirovka tizimidir. Chunki bu tizim mahsulot ishlab chiqarilishidan tortib toki iste’molchi xarid qilishiga qadar bo‘lgan barcha jarayonlarni kuzatishga imkon beradi.
2021 yil 1 yanvardan e’tiboran respublikamizda alkogol va pivo mahsulotlari markirovkasiga start berildi va bugungi kunda alkogol mahsulotlari buyicha “Asl belgisi” mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimida 5 ming 606 ta ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan hamda shu kunga qadar umumiy 212 million 553 ming 432 dona Data Matrix kodi chiqarilgan.
Shuningdek, pivo mahsulotlari MDH davlatlari orasida birinchi bo‘lib mamlakatimizda majburiy raqamli markirovka qilina boshlandi hamda tizimda ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar soni 4 ming 262 ta va shu kunga qadar chiqarilgan Data Matrix kodlarining umumiy soni 151 million 356 ming 353 donani tashkil qilmoqda.
bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi va bir qator boshqa qo‘shni mamlakatlarda ham pivo mahsulotlarini markirovkalash bo‘yicha ishlar boshlangan. Ular O‘zbekiston tajribasidan foydalanib, bu segmentda markirovka tizimini joriy etishga qaror qilgan.
Raqamli markirovka tizimining yana bir yutug‘i shundaki, unda jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bu nima degani?
Har bir yangi tizim tatbiq etilishi uchun vaqt talab etiladi. Markirovka tizimi shunday ishlab chiqarilgan-ki, unda ishlab chiqaruvchi yoki importyor yoki chakana savdo nuqtasida tizimning tatbiq etilishi uchun muayyan vaqt ajratiladi. Ya’ni, “hammasi 1 kunda yoki 1 oyda bajarilishi shart!”, degan tushuncha bu tizimda umuman yo‘q. Misol uchun, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan alkogol va tamaki mahsulotlari maxsus Data Matrix kodiga ega bo‘lishlari belgilangan edi. Lekin tegishli qarorga muvofiq, ishlab chiqarilgan va muomalada bo‘lgan mahsulotlar markirovka kodisiz sotuvda bo‘lishiga ruxsat berilgan. Demak, ishlab chiqaruvchi yoki importchi omboridagi zahiralar qoldiqlarni boshqarishi belgilangan.
Joriy yil 2 noyabrda Vazirlar Mahkamasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarini aksiz markalari bilan markirovkalash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, 2022 yilning 1 oktyabridan e’tiboran iste’mol va guruhlangan qadoqlarga raqamli identifikatsiyalash vositalarini tushirishda, shuningdek, boshqa turdagi tamaki mahsulotlarini agregatsiyalashni ta’minlaydi hamda markirovkalash axborot tizimiga markirovkalanganligi va agregatsiyalanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritadi.
Endilikda barcha qadoqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar tizimda saqlanadi. Bu esa biz uzoq kutgan ma’lumotlar bazasini shakllantirishda juda muhim bosqich. Bu jarayonni to‘g‘ri amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan bir necha bor o‘quv seminarlari va treninglar o‘tkazildi. Ularda ishlab chiqaruvchilar, importchilar, ulgurji baza vakillari, markirovka tizimi operatori, Davlat soliq qo‘mitasi vakillari faol ishtirok etdi. Natijada agregatsiyalash bosqichiga tayyorgarlik ko‘rish va uni xatosiz boshlash uchun barcha ma’lumotlar taqdim etildi, muammolar muhokama qilindi va ularga yechimlar taqdim etilib kelinmoqda.
Shu o‘rinda aytish mumkinki, markirovka barcha uchun yangi tizim. Lekin tub mohiyati eng avvalo, qora bozorning qisqarishi, vijdonli ishlab chiqaruvchilar hamda iste’molchilar huquqining himoya qilinishi bo‘lgan bu tizim hech shubhasiz mamlakatimiz va iste’molchilarimiz uchun juda muhimdir.
Raqamli iqtisodiyot - davr talabi. Bozorimiz shaffof va ochiq bo‘lishi - yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Markirovkalash tizimi esa bu yo‘lda qo‘yilgan muhim qadamdir.
D. Siddiqova,
Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni
rivojlantirish agentligi matbuot kotibi,
Zamira Tasheva,
"CRPT-Turon" matbuot bo‘limi mas’ul xodimi.