Raqamli kelajak sari yana bir muhim qadam
Navoiy viloyati Xatirchi tumanida Japan Digital University vakillari ishtirokida “Raqamli kelajak – yoshlar qo‘lida!” shiori ostida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Xatirchi tumani hokimi Umidjon Adizov so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakat taraqqiyoti bilimli, tashabbuskor va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan yoshlarga bog‘liq ekanini ta’kidladi. Shu bois yoshlarni IT sohasiga keng jalb qilish, raqamli ko‘nikmalarini oshirish, xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash muhim vazifalardan biridir.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda “Bir million dasturchi”, IT-parklar faoliyati, raqamli xizmatlarni kengaytirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish kabi yirik loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.

Tadbir doirasida Yaponiyaning ilg‘or ta’lim tajribasini Xatirchi yoshlari hayotiga keng joriy etish, xalqaro darajadagi axborot texnologiyalari ta’limi imkoniyatlarini yaratish, bitiruvchilarning xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish hamda ularning bandligini ta’minlash yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.

Tadbir davomida tuman hokimi tashabbusi bilan iqtidorli yoshlarga zamonaviy noutbuklar, bir qator ta’lim muassasalariga esa robototexnika uskunalari topshirildi. Bu nafaqat o‘quvchilarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytiradi, balki ularning muhandislik, dasturlash va sun’iy intellekt kabi istiqbolli sohalarga qiziqishini yanada kuchaytiradi.

Yoshlar uchun xalqaro ta’lim eshiklarining ochilishi, zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan ta’minlanishi, ularning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash mamlakatimiz kelajagiga kiritilayotgan eng muhim sarmoyadir. Bu kabi tashabbuslar esa Yangi O‘zbekistonda inson kapitaliga sarmoya kiritish, ta’lim sifatini oshirish va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri