Raqamli davrda milliy qadriyatlar qanday saqlanadi?
Bugungi globallashuv va raqamlashtirish jarayonlari xalqlarning madaniy merosini asrash masalasini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda. Etnomadaniy meros nafaqat xalqning tarixiy xotirasi, balki milliy o‘zligini belgilab beruvchi muhim omil ham hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari doktori, professor Saodat Davlatovaning aytishicha, so‘nggi yillarda global madaniyat ta’sirining kuchayishi, ommaviy migratsiya va raqamli texnologiyalarning keng tarqalishi natijasida an’anaviy qadriyatlarni avloddan avlodga yetkazish usullari o‘zgarib bormoqda.
Bir tomondan, turli xalqlarning o‘z ildizlari, urf-odatlari va hunarmandchilik an’analariga qiziqishi ortmoqda. Ikkinchi tomondan esa, asrlar davomida oila va mahalliy jamoalar orqali saqlanib kelgan bilim va tajribalar ayrim hollarda rasmiy yoki tijoratlashgan shakllar bilan almashmoqda.

Mutaxassisning qayd etishicha, etnomadaniy merosni faqat tarixiy yodgorliklar yoki marosimlar yig‘indisi sifatida baholash to‘g‘ri emas. Zamonaviy yondashuvlarga ko‘ra, madaniy meros jamiyat ehtiyojlariga moslashib boradigan, doimiy ravishda boyib va yangilanib turadigan ijtimoiy hodisadir. Shu bois an’analar faqat saqlab qolinganda emas, balki zamonaviy hayotda qo‘llanilganda va yashaganda o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi.
Etnomadaniy meros iqtisodiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Bugungi kunda turizm, hunarmandchilik va kreativ sanoat sohalari ko‘plab hududlarda mahalliy madaniy meros asosida rivojlanmoqda. Biroq an’analarning haddan tashqari tijoratlashtirilishi ularning asl mohiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Natijada madaniy qadriyatlar soddalashtirilib, haqiqiy mazmunidan uzoqlashib ketish xavfi paydo bo‘ladi.
Olimaning ta’kidlashicha, raqamli texnologiyalar ham merosni saqlashning muhim vositasiga aylanmoqda. Virtual muzeylar, elektron arxivlar va onlayn platformalar orqali noyob tarixiy materiallar keng jamoatchilikka yetkazilmoqda. Biroq madaniyatning haqiqiy ruhi faqat raqamli ma’lumotlarda emas, balki insonlar o‘rtasidagi jonli muloqot, ustoz-shogird an’analari va amaliy tajribalarda namoyon bo‘ladi. Shuning uchun raqamli imkoniyatlar bilan an’anaviy ta’lim va madaniy tadbirlarni uyg‘unlashtirish eng samarali yo‘l hisoblanadi.
Muallifning fikr bildirishicha, etnomadaniy merosni saqlashda mahalliy hamjamiyatlarning o‘rni hal qiluvchi ahamiyatga ega. Davlat tomonidan yaratiladigan shart-sharoitlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhim bo‘lsa-da, madaniy merosning haqiqiy egalari bo‘lgan aholining faol ishtiroki ushbu jarayonning asosiy shartidir.
Xulosa qilib aytganda, etnomadaniy merosni asrash uni muzey eksponati sifatida saqlab qo‘yish emas, balki zamonaviy hayot bilan uyg‘unlashtirishni talab qiladi. Avlodlar o‘rtasidagi bilim va ko‘nikmalar uzluksizligi, iqtisodiy rag‘bat hamda raqamli va an’anaviy muloqot shakllarining o‘zaro uyg‘unligi madaniy merosning barqaror rivojlanishini ta’minlaydi. Ana shunday yondashuv orqali xalqlarning boy madaniy merosini kelajak avlodlarga to‘liq yetkazish va uni taraqqiyotning ajralmas qismiga aylantirish mumkin.
Nigora Rahmonova, O‘zA