Raj Kapur hind kinosi afsonasi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida hind kinosining afsonasi, taniqli rejissyor va aktyor Raj Kapur tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva, Raj Kapurning oila a’zolari, “Ali bobo va qirq qaroqchi” filmi rejissyori Umesh Mehra, Raj Kapurga bir necha yil davomida tarjimonlik qilgan o‘zbek professori, filologiya va tarix fanlari doktori, “Men Raj Kapurman” kitobining muallifi Najmiddin Nizomiddinov, taniqli hindshunos Ahmadjon Qosimov, universitetning sharqshunos olimlari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ma’ruzachilar Raj Kapurning ijodi, uning hind kinosi va jahon madaniyatidagi o‘rni, shuningdek, o‘zbek-hind madaniy aloqalarini mustahkamlashdagi roli haqida so‘z yuritdi. Anjuman doirasida Raj Kapurning kino san’atiga qo‘shgan ulkan hissasi alohida e’tirof etildi. Tadbir ishtirokchilari tomonidan Raj Kapur ijodi xalqlar do‘stligi va madaniy merosni boyitishda muhim omil sifatida qayd etildi.
Mahfuza Ortiqova, O‘zA