Rahbarlar ishdan ketdi, xonadonlar tabiiy gazdan uzildi
Unda taʼkidlanishicha, ushbu koʻchalarda yashovchi fuqarolar bir necha yil ilgari tabiiy gazdan foydalanib kelgan.
Bir murojaat izidan
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi Ommogʻon mahallasi Bogʻi bahor koʻchasi, Tutzor mahallasi Taraqqiyot koʻchasidagi bir guruh fuqarolardan murojaat kelib tushdi.
Unda taʼkidlanishicha, ushbu koʻchalarda yashovchi fuqarolar bir necha yil ilgari tabiiy gazdan foydalanib kelgan. 2014-yilda shaharni qayta qurish boshlanganda vaqtinchalik tabiiy gaz tarmoqdan uzilib, suyultirilgan gazga oʻtkazilgan. Shundan soʻng mahalla aholisi 2018-yilning 1-noyabr kuni Shahrisabz shahar gaz filialiga tabiiy gazni ulab berishni soʻrab tashkilot rahbari Yusuf Ergashevga ariza bilan murojaat qilgan. Talab qilingan hujjatlarni topshirgan. Shu bilan birga Shahrisabz shahar hokimiyatiga ham ariza berilgan.
2018-yil 3-dekabrda shahar hokimining farmoyishi bilan shahar gaz filiali xodimlari ushbu mahallalarga xonadonma xonadon kirib, gaz hisoblagichlarni nazoratdan oʻtkazgan va eskilari yangisiga almashtirilgan. Koʻchalardagi eski quvurlar aholining oʻz mablagʻi hisobiga yangilangan. 2019-yilning 7-fevral kuni mazkur koʻchalardagi xonadonlar tabiiy gaz tarmogʻiga ulangan. Yoqilgan gaz uchun toʻlovlar aholi tomonidan ortigʻi bilan toʻlab kelingan.
Ammo 2019-yilning 1-aprel kuni hech kimni ogohlantirmasdan tarmoqdan uzib tashlangan. Aholining ushbu holat sababini soʻrab shahar gaz filialiga qilgan murojaatiga oldingi rahbar Yusuf Ergashev ishdan olingani vaj qilib koʻrsatilgan. Tayinlangan yangi rahbar Xondamir Homidov “men bilmayman, oʻrganib chiqishim kerak”, deya javob bergan.
Shu-shu aholi idorama-idora sarson, ovora. Murojaat qilmagan tashkilot qolmagan. Lekin hamon hech qanday oʻzgarish yoʻq.
Xoʻsh, nega bu tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda? Aslida suyultirilgan gazga oʻtkazilgan hududni shahar gaz idorasining oldingi rahbarlari nega tabiiy gazga ulagan? Ular ishdan olingach nega yana uzib tashlangan?
Shu kabi bir-biridan tushunarsiz savollar bilan yuqorida keltirilgan mahallaga bordik. U yerga shahar gaz idorasi vakillarini ham chaqirtirib aholi bilan yuzma-yuz muloqot oʻtkazildi. Aholi arizada keltirilgan mulohazalarni yana takrorladi.
– Ommagʻon mahallasi fuqarolarining tabiiy gaz tarmogʻiga ulanishi boʻyicha qilgan murojaatlari soha mutaxassislari bilan birgalikda joyiga chiqqan holda bir necha bor oʻrganilgan, – deydi Shahrisabz shahargaz filiali boshligʻi Gʻanisher Tariqulov. – Jumladan, 2019-yil 7-dekabr kuni “Hududgaz Qashqadaryo” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh direktori oʻrinbosari F.Nazarov boshchiligida Ommagʻon MFY fuqarolari bilan birgalikda yigʻilish oʻtkazib, aholi xonadonlari gaz taʼminoti avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimida L-gaz dasturi bazasida shakllantirilganligi, tabiiy gaz resursi tanqisligi va birinchi navbatda Shahrisabz shahrida joylashgan koʻp qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz taʼminoti bilan bir maromda taʼminlash maqsadida Ommagʻon MFY Bogʻibahor koʻchasi va Tutzor MFY Taraqqiyot koʻchasida yashovchi aholi xonadonlarini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash tushuntirib oʻtilgan va suyultirilgan gaz bilan Shahrisabz shahar hokimligi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida taʼminlab kelinmoqda.
Bundan chiqdi shaharda tabiiy gaz yetkazib berish boʻyicha taqsimlangan resurs shahardagi koʻp qavatli uylar va ijtimoiy soha obyektlaridan ortib, chekka mahallalarga yetmaydi. Shu maqsadda 2014-yilda mahalla tabiiy gazdan uzilib, suyultirilgan gazga oʻtkazilgan. Lekin nega yana 2019-yilda qayta ulangan. Eng qizigʻi, ushbu masala boʻyicha oʻsha paytdagi shahar hokimi Ismat Nusurovning 2018-yil 3-dekabrda “Shahrisabz shahar “Ommagʻon” MFY hamda “Tutzor” MFYlarida yashovchi aholi xonadonlarini tabiiy gaz bilan taʼminlash” toʻgʻrisidagi 192-F-sonli farmoyishi qabul qilingan. Farmoyishga Prezidentimizning 2017-yil 22-iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarini 2017-2018-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda Shahrisabz tumanlararo gaz uchastkasi boshligʻining xati asos qilib olingan.
Bugun yuzaga kelayotgan barcha chalkashlik mana shu hujjatlarning uzoqni oʻylamasdan qabul qilingani uchun kelib chiqmoqda. Shahar hokimi va shahar gaz idorasining rahbarlari almashgandan soʻng esa farmoyish va ushbu mahallalarning tabiiy gazga ulangani ham notoʻgʻri qilingani koʻrinib qolmoqda. Bu anglashilmovchilik oqibatida yuqoridagi mahallalar aholisi oʻz hisobidan truba quvurlar tortib, gaz hisoblagichlar oʻrnatib va yana kim bilsin “qanaqa” xarajatlar qilib, bor yoʻgʻi ikki oygina tabiiy gaz yoqqan. Xullas aholi boplab aldangan. Gaz idoralarining taqdim etgan maʼlumotlariga koʻra, aslida oʻsha paytda ham aholini tabiiy gazga oʻtkazishning imkoni boʻlmagan. Endi oʻsha paytdagi rahbarlar yoʻq. Berilgan vaʼdalar ham yoʻq.
Ammo masalaning yana bir jihati borki, Ommagʻon hamda Tutzor mahalla fuqarolar yigʻinlarida yashovchi aholi xonadonlarini tabiiy gazdan uzish uchun nooʻrin boʻlsada, qabul qilingan sobiq shahar hokimining farmoyishi bekor qilinishi kerakmasmi? Viloyat yoki shahar gaz idoralarining shahar hokimi farmoyishini bekor qilishga yoki farmoyish bekor qilinmasdan gazni uzib tashlashga vakolatlari bormikan?
Umuman olganda javobini kutayotgan savollar koʻp. Yurtimizda qonun ustuvorligi taʼminlangan. “Unday qilish kerak”, “bunday qilish kerak”, degan havoyi gaplar bilan biror natijaga erishib boʻlmaydi. Har qanday masalaning ham qonuniy yechimi boʻlishi kerak. Shu nuqtayi nazardan ushbu muammoga ham tez kunlarda sohaga aloqador tashkilotlar mutasaddilari tomonidan qonuniy yechim topiladi. Yoʻl qoʻyilgan xatolar tuzatiladi. Har holda shunga umid qilamiz.