«Rahbar va yoshlar» uchrashuvi o‘tkazildi
Mamlakatimizda yoshlarni birlashtirish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarishga qaratilgan bir qancha amaliy ishlar olib borilmoqda. Bugun ular uchun har sohada tashabbus ko‘rsatish, o‘z iqtidorini namoyish etish uchun barcha imkoniyatlar eshigi ochiq.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida ham shijoatga to‘la yigit-qizlar faoliyat olib bormoqda. Agentlik tizimida 1000 nafarga yaqin 30 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislar faoliyat yuritadi. Tashkilotda yoshlar siyosatiga oid masala dolzarb vazifalardan biri bo‘lib, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish, yosh kadrlarni munosib rag‘batlantirish, turli o‘quv kurslarida ishtirok etishiga ko‘maklashish, xalqaro tashkilotlarda malaka oshirishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Rahbar va yoshlar uchrashuvida ham ayni masalalarga alohida to‘xtalib, hududlardan tashrif buyurgan yosh kadrlar, laboratoriya yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan ilmiy xodimlar, karantin inspektorlari bilan ochiq tarzda suhbat olib borildi.

Muloqot chog‘ida yosh kadrlarni qiynab kelayotgan muammolar va ularning yechimi muhokama etildi. Shuningdek, yoshlar sohani takomillashtirishga oid takliflarini ilgari surdi.
Uchrashuv doirasida tizim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobatni shakllantirish uchun tanlovlar va bellashuvlar o‘tkazish, kibersportni rivojlantirish, «Zakovat» o‘yinlari tashkil etilishini an’anaga aylantirish kabi takliflar bildirildi. O‘z navbatida Agentlik mutasaddilari chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, har bir viloyatda yoshlarning birlashishiga turtki bo‘layotgan tadbirlarni muntazam o‘tkazish tarafdori ekani va bunday tadbirlar an’anaviy tarzda o‘tkazilishini bildirdi.

Tadbir yakunida yoshlar safida o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib, sohaning rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh mutaxassislar taqdirlandi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA