Rag‘bat intilish va izlanishga undaydi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Yilning eng yaxshi maktab direktori” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi o‘tkazildi. Unda tanlovning hududiy bosqichlarida g‘olib bo‘lgan yigirma sakkiz maktab direktori o‘zaro bahslashdi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “Yilning eng yaxshi maktab direktori” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi o‘tkazildi. Unda tanlovning hududiy bosqichlarida g‘olib bo‘lgan yigirma sakkiz maktab direktori o‘zaro bahslashdi.Prezidentimiz Islom Karimov «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida ta’kidlaganidek, agarki dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktab bo‘lsa, kasblarning ichida eng sharaflisi o‘qituvchilik va murabbiylikdir. Zero, pedagoglar minglab murg‘ak qalblarga ezgulik yog‘dusini ulashib, kelajakka tiyran nigoh tashlab turgan o‘g‘il-qizlarni erkin fikrlashga, mustaqil yashashga, hayotda o‘z o‘rnini topishga, to‘g‘ri yo‘lni tanlashga o‘rgatadi.
Shu bois mamlakatimizda yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, ularning ongu shuurini turli mafkuraviy tahdidlar ta’siridan himoya qilish, jahon andozalariga mos ta’lim-tarbiya tizimi jarayonida ustoz-murabbiylar, soha mutaxassislarining mehnatini munosib qadrlash, ularni har tomonlama rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Soha xodimlariga berilayotgan e’tibor, imkoniyat va rag‘bat ularning yanada faol ishlashi, yosh avlodni barkamol etib tarbiyalashda muhim omil bo‘lmoqda. Bilimli, yuksak salohiyatli rahbarlar, ustoz-murabbiylarning mehnati samarasida yoshlarimiz zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni qunt bilan egallamoqda, xalqaro fan olimpiadalari, sport musobaqalari, festival va ko‘rik-tanlovlarda o‘z bilim va salohiyatini namoyish etmoqda.
«Mahoratli boshqaruv – ta’lim samaradorligi omili» shiori ostida tashkil etilgan mazkur an’anaviy ko‘rik-tanlovning quyi bosqichlarida yetti yuzga yaqin umumta’lim maktabi direktori faol qatnashdi. Keyingi bosqichga yo‘llanma olgan oltmishga yaqin ishtirokchining «Kelajak maktabi» konsepsiyasi atroflicha o‘rganilib, mamlakat bosqichiga ishtirokchilar tanlab olindi. Bunda ularning tashabbuskorligi, ijodkorligi va mahoratiga alohida e’tibor qaratildi.
Pedagoglar, mutaxassislar tomonidan dars jarayonini kuzatib tahlil etish, pedagogik kengashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish tartibini belgilash, «Kelajak maktabi» konsepsiyasi taqdimot shartlariga ko‘ra baholab borildi.
Ta’lim tizimiga joriy etilayotgan loyihalar, ko‘rik-tanlovlar o‘qituvchilarning professional malakasini, ularning izlanish va tashabbuskorlik fazilatlarini yuksaltirishga, o‘quv-tarbiya jarayonini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotir. Mazkur tanlov ham pedagog-kadrlarning ta’lim-tarbiyaga oid amaliy ishlari, siyosiy-huquqiy bilimi, yoshlarga ijobiy ta’sir o‘tkaza olish qobiliyatini yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Ta’lim-tarbiya berish, o‘z sinfidagi o‘quvchilar kelajagi uchun javobgarlik o‘qituvchidan kuchli bilim va mas’uliyatni talab etsa, rahbar xodimning zimmasidagi vazifa undan-da yuksak bo‘ladi, – deydi Andijon viloyatining Asaka tumanidagi 43-umumta’lim maktabi direktori Gullola G‘afforova. – Bu mutaxassisdan katta mahoratni, ishga chuqur ijodiy, ilmiy yondashuvni, o‘quvchilar va pedagoglar jamoasining ruhiy holatini yaxshi bilishni, o‘rni kelganda qat’iy choralar ko‘rishni talab etadi. Mazkur tanlov bizning bu boradagi bilim va tajribamizni sinovdan o‘tkazdi.
G‘olib va sovrindorlar Xalq ta’limi vazirligi tomonidan munosib rag‘batlantirildi.