Xalqaro turizm va mehmondo‘stlik markazi tashkil etiladi
Buxoroda Avstriya tajribasi asosida xalqaro turizm va mehmondo‘stlik markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Turizm — bu faqat tarixiy obidalarni tomosha qilish emas, balki mamlakatning dunyoga ochilgan eshigi, xalqning madaniyati va mehmondo‘stligini namoyon etuvchi, iqtisodiy taraqqiyotga kuchli turtki beruvchi muhim sohadir. Bu eshikdan kirgan har bir sayyohni nafaqat tarixiy yodgorliklar, balki sifatli xizmat, samimiy muomala, qulay sharoit va unutilmas taassurotlar ham kutib olishi kerak. Zero, sayyohning bir mamlakat haqidagi tasavvuri ko‘pincha u yerda ko‘rgan manzaralari bilan birga, unga ko‘rsatilgan e’tibor va xizmat darajasi orqali shakllanadi.
Asrlar davomida ilm-fan, savdo-sotiq va madaniyat markazi sifatida dunyoga tanilgan Buxoro bugun ham o‘zining boy tarixiy merosi, betakror me’moriy qiyofasi va ziyorat turizmi imkoniyatlari bilan xorijlik mehmonlarni o‘ziga jalb etmoqda. Biroq zamonaviy turizm taraqqiyoti tarixiy merosning o‘zi bilangina cheklanib qolmaydi. U malakali kadrlar, zamonaviy boshqaruv, xalqaro standartlarga mos xizmatlar va mehmonlar ehtiyojini chuqur anglaydigan mutaxassislarni talab etadi.
Shu bois Prezidentimiz tashabbusi va topshiriqlari asosida mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish, sohaga investitsiyalarni jalb etish hamda xalqaro talablarga javob beradigan raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan navbatdagi amaliy ishlar ham ana shu maqsadlarni ro‘yobga chiqarish, hududning turizm salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti vakillari Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda ta’lim, turizm va mehmondo‘stlik sohalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro tajribani mahalliy sharoitga moslashtirish hamda soha uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri ta’lim muassasasi negizida Xalqaro turizm va mehmondo‘stlik markazini tashkil etish konsepsiyasi bo‘ldi. Bu tashabbusni oddiy ta’lim loyihasi sifatida emas, balki Buxoroda turizmni rivojlantirishning muhim tarkibiy qismi sifatida baholash mumkin.


Chunki zamonaviy turizmda raqobat faqat mehmonxonalar soni, tarixiy ob’ektlar jozibadorligi yoki sayyohlar oqimi bilan belgilanmaydi. Xizmat ko‘rsatish madaniyati, xorijiy tillarni bilish, mehmonlar bilan samarali muloqot qilish, raqamli texnologiyalardan foydalanish, restoran va mehmonxona xo‘jaligini zamonaviy talablar asosida boshqarish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro markazning tashkil etilishi ana shu ehtiyojlarga tizimli yondashish, nazariy bilimni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish va mahalliy kadrlarni xalqaro mehnat bozori talablariga mos tayyorlash uchun yangi imkoniyatlar yaratishi mumkin.
Turizm sohasida eng zamonaviy mehmonxona yoki eng chiroyli restoranni barpo etish mumkin. Ammo mehmonni samimiy kutib oladigan, uning ehtiyojini tushunadigan, muammosini tez va madaniyatli hal qiladigan malakali xodim bo‘lmasa, bunday infratuzilmaning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish qiyin. Shu nuqtai nazardan, Avstriya universiteti vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda mehmonxona va restoran xo‘jaliklarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning malakasini oshirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga keng tatbiq etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Bu borada ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish alohida ahamiyatga ega. Zero, mehnat bozori talablaridan uzilgan ta’lim tizimi zamonaviy korxonalar ehtiyojini to‘liq qondira olmaydi. Aksincha, ish beruvchilarning talablari o‘quv dasturlarida o‘z ifodasini topsa, talabalar o‘qish davridayoq amaliyot bilan tanishsa, bitiruvchilarning ishga joylashish imkoniyatlari ham kengayadi.


Bunday yondashuv yoshlarning kasbiy mahoratini oshirish bilan birga, ish beruvchilarning malakali xodimlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, xizmat ko‘rsatishda uchraydigan kamchiliklarni bartaraf etish va soha korxonalarining raqobatbardoshligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tashrif davomida Buxoro shahridagi yangi “Poykent Bukhara Old City” mehmonxonasida Avstriya universiteti vakillari, viloyat hokimining o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov, tegishli mas’ul tashkilotlar hamda viloyatdagi yirik mehmonxona biznesi vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Unda turizm va mehmondo‘stlik sohasida mavjud muammolar, ish beruvchilarning malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji, ta’lim va ishlab chiqarish amaliyoti o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish masalalari muhokama qilinib, takliflar tinglandi. Bunday muloqotlarning ahamiyati shundaki, sohadagi muammolarni faqat nazariy yondashuv orqali emas, balki mehmonxonalar va restoranlar faoliyatidagi real ehtiyojlar asosida o‘rganish imkoni paydo bo‘ladi. Ish beruvchi qanday mutaxassisga muhtoj? Xodim qaysi ko‘nikmalarni egallashi zarur? Ta’lim dasturlarida nimalarni takomillashtirish kerak? Xalqaro standartlarni amaliyotga tatbiq etishda qaysi jihatlarga ustuvorlik berish lozim? Ana shu savollarga aniq va amaliy yechimlar topilishi markaz faoliyatining samaradorligini belgilaydi.
Shuningdek, xorijiy tajribani shunchaki ko‘chirib olish emas, balki uni Buxoroning o‘ziga xos tarixi, milliy mehmondo‘stlik an’analari, sayyohlar tarkibi va mehnat bozori talablari bilan uyg‘unlashtirish muhimdir. Zero, xalqaro standartlar mahalliy qadriyatlarni inkor etmasligi, aksincha, ularni zamonaviy xizmat ko‘rsatish madaniyati bilan boyitishi lozim.
Uchrashuv yakunida Xalqaro turizm va mehmondo‘stlik markazini tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, pedagoglar malakasini oshirish hamda ta’lim jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish ishlarini jadallashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.


Endilikda ushbu rejalarni amaliy natijalar bilan mustahkamlash muhim vazifa bo‘lib qoladi. Buning uchun markazning ta’lim yo‘nalishlari va o‘quv dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish, talabalar uchun amaliyot o‘tash imkoniyatlarini kengaytirish, pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish va hamkorlik samaradorligini baholash mezonlarini belgilash maqsadga muvofiq.
Agar ta’lim jarayoni mehmonxona va restoranlar amaliyoti bilan uzviy bog‘lansa, talabalar faqat nazariy bilim bilan cheklanib qolmaydi. Ular mehmonlarni qabul qilish, bronlash tizimlari bilan ishlash, servis madaniyati, taomnoma tuzish, xizmatlar sifatini nazorat qilish va xalqaro mijozlar bilan muloqot qilish kabi ko‘nikmalarni ham egallaydi. Natijada ish beruvchiga kerakli bilim va tajribaga ega kadrlar yetib boradi, yoshlar uchun esa munosib ish o‘rinlari va kasbiy o‘sish imkoniyatlari kengayadi. Bu jarayon turizm sohasidagi xizmatlar sifatini oshirish bilan birga, hudud iqtisodiyotida qo‘shilgan qiymat yaratishga ham xizmat qilishi mumkin.
Buxoro jahon sayyohlik xaritasida alohida o‘ringa ega. Uning qadimiy madrasalari, masjidlari, maqbaralari, tarixiy mahallalari va milliy hunarmandchilik an’analari katta qiziqish uyg‘otadi. Biroq bu boylikni barqaror iqtisodiy natijaga aylantirish uchun sayyohga taklif etilayotgan xizmatlar ham tarixiy merosning qadriga munosib bo‘lishi zarur.
Xalqaro turizm va mehmondo‘stlik markazi tashabbusining istiqboli ham aynan shunda. Uning samarali yo‘lga qo‘yilishi kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish va mahalliy turizm biznesining xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirishga turtki berishi mumkin.
Eng muhimi, bugungi sa’y-harakatlar ertangi kun uchun malakali mutaxassislar zaxirasini yaratishga qaratilgan. Chunki sayyohni Buxoroga olib keladigan omillar ko‘p bo‘lishi mumkin, ammo uning yana qaytib kelish istagini uyg‘otadigan jihatlardan biri — unda qolgan taassurotdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri