Quyuv-prokatlash majmuasi bunyod etilmoqda
Loyiha ishga tushirilib, ishlab chiqarish quvvati toʻliq oʻzlashtirilganidan soʻng Davlat byudjetiga tushum 2 va undan ortiq barobarga oshishi kutilmokda.
Investitsiya dasturi – amalda
Mamlakatimizda mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishni taʼminlovchi yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish va tashkil etishga qaratilgan investitsiya siyosatini yana-da faollashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”, deb eʼlon qilingan 2019-yilda investitsiya loyihalarini amalga oshirish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish va soddalashtirish, investitsiyalar, avvalo, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va oʻzlashtirishni kengaytirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 9-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2020-2022-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida 2020-2022-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturi tasdiqlandi.
Ushbu qarorga muvofiq, Oʻzbekiston metallurgiya kombinatida “SFI Management Group” ishonchli boshqaruv kompaniyasi rahbarligida yiliga 1 million tonna listli prokat ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan “Quyuv-prokatlash majmuasi qurilishi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Joriy yil 15-avgust kuni Vazirlar Mahkamasining Toshkent metallurgiya zavodini foydalanishga topshirish va respublikada metall mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish masalalariga bagʻishlangan sayyor yigʻilishida ham aynan mazkur loyihaning amalga oshirish jarayonlari tahlil etildi.
Ushbu loyihani amalga oshirish uchun sanoat obyektlarini qurishda katta xalqaro tajribaga ega kompaniyalar guruhi, xususan “Danieli” va “Renaissance Heavy Industries” jalb etildi. Ushbu kompaniyalarning konsorsiumi quyuv prokat majmuasini qurmoqda.
Loyiha ishga tushirilib, ishlab chiqarish quvvati toʻliq oʻzlashtirilganidan soʻng Davlat byudjetiga tushum 2 va undan ortiq barobarga oshishi kutilmokda. Hozirgi kunda “Renaissance Heavy Industries” kompaniyasi tomonidan texnik xizmatlar uchun moʻljallangan vaqtinchalik shaharcha va idoralar qurilishi yakunlanmoqda.
Qurilish maydonchasi uchun zarur xomashyolar oqimini taʼminlash maqsadida yangi zamonaviy, jahon talablariga javob beradigan nazorat oʻtish joyi qurilib, foydalanishga topshirildi.
Qurilishga jalb qilingan ishchilar va mutaxassislarning ovqatlanishini tashkil qilish maqsadida 500 oʻringa moʻljallangan yangi oshxona qurilishi yakunlanmoqda. Shuningdek, 1 ming 200 ishchi-xizmatchiga moʻljallangan maʼmuriy va maishiy binolar qurilmoqda.
Hozirgi kunda “Renaissance Heavy Industries” tomonidan qurilish ishlari olib borilayotgan hududda ekspluatatsiya qilinayotgan kommunikatsiyalarni koʻchirish ishlari yakunlanmoqda. Yangi majmua uchun moʻljallangan qurilmalarni saqlash uchun ombor barpo etilmoqda.
“Renaissance Heavy Industries” tomonidan ishlab chiqilgan texnik hujjatlarga muvofiq, poydevor uchun qazish ishlari boshlab yuborilgan. Hozirgi kunda 28 ming kubometr miqdorida qazish ishlari olib borildi.
Barcha loyiha ishlari tasdiqlangan jadvalga muvofiq amalga oshirilmoqda. Bekobodlik metallurglar Investitsiya dasturi boʻyicha listli prokat ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bilan respublika iqtisodi rivojiga munosib ulush qoʻshadi. Bu loyiha xalqimiz farovonligi uchun ham xizmat qiladi.
Narimon UMEROV,
“Oʻzmetkombinat” AJ Investitsiyalar
departamenti boshligʻi.