Quyosh panellarining samaradorligi o‘rganilmoqda
Davlatimiz rahbarining qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirishga doir 2023 yil 16 fevraldagi qarorida mamlakatimizda ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohalarida hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini ta’minlash, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy qilish belgilangan edi.
Qarorga binoan bojxona organlariga ham qator muhim vazifalar yuklatilgan bo‘lib, ularning ijrosi izchil nazoratga olingan.


Xorazm viloyatida ham quyosh panellarining o‘rnatilishi va ularning samaradorligi yuzasidan o‘rganishlar olib borilmoqda.
Xususan, Bojxona qo‘mitasi raisi maslahatchisi M.Saliyev boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qo‘shko‘pir tumanida faoliyat olib boruvchi "QADAMBOY USTA TRANS SERVIS" xususiy korxonasiga o‘rnatilgan 850 kVt quvvatga ega quyosh panellarining ishchi holati o‘rganildi va bu borada olib borilayotgan ishlar yuzasidan takliflar berildi.

Korxona faoliyati uchun oyiga o‘rtacha 10 ming kVt elektr energiyasi sarflanmoqda. O‘rnatilgan quyosh panellari esa oyiga o‘rtacha 60-70 ming kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Quyosh panellari orqali ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi korxona ehtiyojlarini to‘liq qoplab, ortiqcha qismi korxona daromadiga aylanmoqda.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri