Quyosh panellari qo‘shimcha daromad manbai
Prezident qarori amalda
Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risi”dagi qaroriga muvofiq har bir hududda ijtimoiy va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohalarida, iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishga doir chora-tadbirlar dasturi qabul qilingan.

Aholi xonadonlari, ijtimoiy soha inshootlari bilan birga tadbirkorlik sub’ektlari yoki ishlab chiqarish korxonalariga o‘rnatilayotgan quyosh panellari elektr energiyasiga sarflanadigan yillik xarajatning 50 foizini iqtisod qilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar yoki klasterlar ehtiyojidan ortiq ishlab chiqarilgan elektr energiyasining “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga o‘tkazish imkoniga ham ega.

Buxoro tumanida “KLASTER EMIR PARRANDA” MCHJning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini arzon va uzluksiz ta’minlash maqsadida Qirg‘izistonning “New-Tek LLC” kompaniyasi tomonidan qiymati 1 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish hisobiga quvvati 1 MgV soat bo‘lgan quyosh elektr stansiyasi qurilish ishlari nihoyasiga yetkazildi.
Bugungi kunda “New-Tek LLC” kompaniyasi tomonidan tumanda mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “MATRIX SUN ENERGY” MCHJ xorijiy korxonasi tashkil etildi. Korxona “KLASTER EMIR PARRANDA” MCHJni 1 MgVt soat quvvatga ega elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida hududda qurilish-montaj ishlari boshlangan.
Ayni paytda o‘z imkoniyatlarini oshirayotgan “New-Tek LLC” kompaniyasi tumandagi boshqa korxonalarni shartnoma asosida arzon va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri