Quyosh panellari ekologik toza hamda tejamkor
“Buxoro medical servis” MCHJning ma’muriy bino tomiga umumiy quvvati 52 kVA bo‘lgan 90 ta quyosh paneli o‘rnatildi. Bu panellarning 26 tasi 560 kVt soat, 64 tasi esa 580 kVt soat quvvatga ega. Ahamiyatlisi, bu tashabbus nafaqat ma’muriy inshootning elektr ta’minotiga bo‘lgan bosimini kamaytiradi, balki yil davomida mablag‘ tejash imkonini ham beradi.
Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, tuman hokimligi binosi ilgari har oyda 20 ming kVA soat elektr energiyasini iste’mol qilgan. Bu 20 million so‘m xarajatga teng. Endilikda quyosh panellari yordamida bu ko‘rsatkich 7 million so‘mgacha qisqardi va yil davomida 84 million so‘m mablag‘ iqtisod qilinmoqda. Elektr energiyasidan tejab qolinayotgan mablag‘ tumanda ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va boshqa zarur yo‘nalishlarga yo‘naltiriladi.

Quyosh energiyasi atrof-muhitga zararli chiqindilarni kamaytirish, tabiiy resurslarni tejash va havo ifloslanishining oldini olish imkonini beradi. Bunday loyihalar uzoq muddatli istiqbolda ekologik barqarorlik va energiya mustaqilligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari