Quyi bo‘g‘inlar faoliyati – yuksalishlarning bosh mezoni
O‘zbekiston “Adolat” SDPning jamiyatdagi mavqei va xalq orasidagi nufuzi, avvalo, uning boshlang‘ich tashkilotlari faolligi, aholi dardu tashvishlari bilan qay darajada hamnafas yashayotgani bilan belgilanadi. Agar quyi bo‘g‘inlar o‘z atrofidagi partiya xayrixohlarini partiyaning yuksak g‘oyalari va dasturiy maqsadlari yo‘lida birlashtira olsa, har bir tashabbus o‘z natijasini, albatta, ko‘rsatadi.
Aynan shu tamoyildan kelib chiqib, partiya Siyosiy kengashi tomonidan Buxoro viloyatida o‘tkazilgan seminar-trening partiya hayotidagi muhim voqelik bo‘ldi. Ushbu tadbir hududiy va mahalliy tuzilmalar salohiyatini qayta ko‘rib chiqish, ularning faoliyatiga tanqidiy baho berish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish uchun samarali maydon vazifasini o‘tadi.
Tadbir kun tartibidan o‘rin olgan har bir masala – xoh u Saylovoldi dastur ijrosi uchun mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘lsin, xoh yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlashning zamonaviy usullarini joriy etish bo‘lsin – pirovard natijada yagona maqsadga yo‘naltirildi: partiyaning har bir a’zosi va har qanday darajadagi tarkibiy tuzilmasining jamiyat oldidagi mas’uliyatini oshirish.
Zero, fuqarolarning murojaatlariga amaliy yechim topish, joylardagi muammolarni dadil ko‘tarib chiqish – partiyamizning asosiy vazifasi. Shu bilan birga, korrupsiya illatiga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va har qanday faoliyatda shaffoflik hamda adolatni ta’minlash orqaligina biz xalq ishonchini to‘la oqlay olamiz.
Seminar-trening yakunida ishlab chiqilgan amaliy tavsiyalar, shubhasiz, endilikda barcha hududiy bo‘linmalar uchun faoliyatni yangicha tashkil etishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, boshlang‘ich tashkilotlarimizga yangi kuch va shijoat bag‘ishlab, partiyaning jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
Muharram Dadaxodjayeva,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Toshkent shahar Kengashi raisi
O‘zA