Quyi bo‘g‘in rahbarlari malaka oshirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati filiali va viloyat hokimligi hamkorligida quyi bo‘g‘in rahbarlari, ya’ni tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosarlari, bosh mutaxassislar uchun o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.
Mashg‘ulotlarga viloyatdagi sohaviy oliygohlarning professor-o‘qituvchilari, davlat organlari va tashkilotlardan malakali amaliyotchi mutaxassislar jalb etilgan.

Buxoro davlat universitetida tuman, shahar hokimlarining moliya-iqtisod va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari hamda investitsiya va tashqi savdo masalalari bo‘yicha bosh mutaxassislarga 60 coatga mo‘ljallangan o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi.
O‘quv davomida soha bo‘yicha yangi qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlarni joylarda tatbiq etish, ilm bilan amaliyotni bir-biriga integratsiya qilish, tinglovchilarning ham kasbiy, ham shaxsiy kompetensiyalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

– Besh kunlik o‘quv mashg‘ulotlari davomida ishlarni "mahallabay" tashkil etish, mutaxassislik fanlarini o‘zlashtirish bilan bir qatorda tumanning o‘sish nuqtalari bo‘yicha ham zarur bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtiramiz, – deydi Vobkent tumani hokimining moliya iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalasi bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bosh mutaxassisi Nilufar Xudayarova.
– O‘quv dasturidagi mavzularda har kuni to‘qnash keladigan muammoli masalalarga javoblar ham izlandi.

– O‘quv kursining ahamiyatli jihatidan biri bu nazariy va amaliy bilimlar uyg‘unlashgan holda o‘rgatilishi, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati filiali bosh inspektori Murod Aminov. – Shuningdek, kadrlarning boshqaruv mahorati va ko‘nikmasini rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, o‘quv-seminarlarga ajratilayotgan davlat byudjetidan sarf-xarajatlarni minimallashtirgan holda endilikda o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbarlarni hududning o‘zida yetakchi oliy ta’lim muassasalarini jalb etgan holda o‘qitishga e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi malaka oshirish kurslari joriy yilning may oyi davomida barcha mahalliy davlat hokimiyati organlaridagi quyi bo‘g‘in xodimlari uchun tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Zarif Komilov, O‘zA