Quvasoyning quyosh panelli ko‘cha chiroqlari
FOTOREPORTAJ
Quvasoy - sanoati rivojlangan hudud. Bu yerda faoliyat yuritayotgan korxonalarda ishlab chiqarilayotgan raqobatbardosh mahsulotlar ichki va tashqi bozorda xaridorgir.
E’tiborga molik jihati shuki, shaharda keyingi yillarda energiya tejamkor mahsulotlar ishlab chiqarishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, xitoylik tadbirkorlar bilan hamkorlikda qisqa fursatda qurilib, ishga tushirilgan “Blue Carbon” korxonasida ishlab chiqarilayotgan quyosh panelli ko‘cha chiroqlari bugun yurtimiz bozorlariga yetkazib berilmoqda.
- 50 nafardan ziyod yoshlarimiz bandligi ta’minlangan qo‘shma korxonamiz bir yil davomida 50 mingta quyosh panelli ko‘cha chiroqlari ishlab chiqarish quvvatiga ega, - deydi korxona rahbari Azizilloh Habibullayev. – Energiya tejamkor mahsulotimizga talab kundan-kun ortib bormoqda. Yaqinda mahsulotimizni Toshkent, Buxoro, Navoiy shaharlariga buyurtma asosida yetkazib berdik. Farg‘onamizning qiyofasini o‘zgartirib yuborgan “Ekoshahar” ko‘chalarini ham bizning chiroqlarimiz nurafshon qilmoqda.
[gallery-21718]
Ma’lumotlarga ko‘ra, tajriba tariqasida ayni paytda Quvasoy shahri hududidagi ko‘chalarga 3000ga yaqin quyosh panelli chiroqlar o‘rnatilgan. Natijada qisqa fursatda 860 million so‘mlik elektr energiya tejalgan.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA