Quvasoyda Ma’naviyat va ma’rifat maskani ish boshladi
Fotoreportaj
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida yangi tashkil etilgan Ma’naviyat va ma’rifat maskani o‘z faoliyatini boshladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021 yil 19 yanvar kuni o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida hududlar markazida namunaviy loyiha asosida ma’naviyat va ma’rifat maskanlarini barpo etish yuzasidan ko‘rsatma berilgan edi. Bu borada tasdiqlangan tegishli qaror asosida esa 2021-2023 yillarda barpo etiladigan maskanlar manzilli ro‘yxati tasdiqlandi. Farg‘ona viloyatida o‘tgan davr mobaynida 7 ta hududda zamonaviy Ma’naviyat va ma’rifat maskanlari tashkil etildi. Joriy yilda esa birinchilardan bo‘lib, Quvasoy shahrida ana shunday maskan foydalanishga topshirildi.
[gallery-8997]
Maskanda turli tanlovlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar, hunarmandlar uchun xona ajratilgan. Anjumanlar zalida turli tadbirlar tashkil etish mumkin. O‘ttiz mingdan ortiq kitob fondiga ega kutubxona kitobsevarlar ixtiyorida.
Ma’naviyat maskanining ochilish marosimida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyati bo‘limi rahbari Ma’sudjon Sulaymonov, Quvasoy shahar hokimi o‘rinbosari Alisher Mamajonov, nuroniylar, yoshlar, ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda bu kabi qulaylik va imkoniyatlar ma’naviy-ma’rifiy sohani yangi bosqichga olib chiqishi, ijodkor yoshlar uchun muloqot maydoni bo‘lishi ta’kidlandi.
Umumta’lim maktablaridagi ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazmalar va dastur barchada katta taassurot qoldirdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA