Quvada gulchilik kooperatsiyalari samarali faoliyat yuritmoqda
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Quva tumani mirishkorlari mevali va manzarali daraxtlar, butalar, gul ko‘chatlari yetishtirish sohasida katta tajribaga ega.
Bu borada yaratilgan qulay sharoitlar tufayli keyingi yillarda tumanda soha faoliyati jadal rivojlanmoqda. Ayni paytda quvalik mirishkorlar nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo davlatlariga mevali va manzarali daraxtlar nihollari, gul ko‘chatlari yetkazib berishda peshqadamlik qilmoqda.
[gallery-7297]
Joriy yil tumanda 341 gektar yer maydonlari auksionga chiqarilib, uning 281 gektarida atirgul ko‘chatlari yetishtirish rejalashtirilgan. Hozirda 281 gektar yer maydonining 168 gektariga atirgul urug‘i, 81 gektariga atirgul niholi, 32 gektar yer maydoniga atirgul ko‘chatlari ekilishi ta’minlanib, tomchilatib sug‘orish texnologiyasi o‘rnatilgan. Mazkur maydonlar tumandagi 5 ta atirgulchilik kooperatsiyalariga biriktirildi.
–12 gektar yerda gulchilik kooperatsiyasi tashkil etdik, - deydi “Gullar vodiysi” oilaviy korxonasi rahbari Umidjon Bozorov. – Har bir gektardan yiliga 150 ming dona atirgul ko‘chati yetishtirilib, o‘rtacha 5 ming so‘mdan sotish mumkin. Sarflangan xarajatlar chegirib tashlansa, natijada bir gektar yerda yetishtirilgan atirgul ko‘chatlaridan 550-600 million so‘m sof foyda olish imkoni bor.
Eng muhimi, gulchilik kooperatsiyasida 100 ta doimiy hamda 150 ta mavsumiy ish o‘rni yaratildi.
Muqimjon QODIROV (surat),O‘zA