Quva gulchilik, ko‘chatchilikda katta va azaliy maktabga ega
Quvalik mirishkorlar nafaqat Farg‘ona viloyatida, balki yurtimizda gulchilik, ko‘chatchilik, bog‘dorchilikda dong taratgan.
Xususan, bu yerda joylashgan Tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirish respublika ilmiy-amaliy markazida bu borada katta tajriba bor.
– 400 gektarga yaqin yerimizning 180 gektari mevali, 200 gektardan ortig‘i yosh bog‘lardan iborat, – deydi markaz rahbari o‘rinbosari Hojiakbar Hojimatov. – bugungi kunda 280 dan ziyod pudratchilar bilan ijara shartnomasi asosida ish olib borilyapti. Ayni paytda barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, yetilgan ko‘chat nihollarini sotish avj pallasida. Jumladan, respublikamizning barcha viloyatlaridan kelib, mevali va manzarali ko‘chatlarni olib ketishyapti. Mavsum oxirigacha har bir viloyatga bir million tupdan arzon narxlarda ko‘chat yetkazib bermoqchimiz.

Bu yerda yetishtirilgan yangi navli ko‘chatlar, gul nihollari, meva-chevalar nafaqat ichki bozorda sotiladi, balki xorijga eksport qilishga ham katta e’tibor beriladi. Eksportyor korxonalar, shuningdek, Abdurasul Hasanov, Xursan Ismoilov kabi tadbirkorlar tomonidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya davlatlariga ko‘chatdan tortib meva, poliz mahsulotlarigacha eksport amalga oshirib kelinadi.
– Olma, behi, nok kabi urug‘li daraxtlarga kuzda shakl berilsa, o‘rik, shaftoli singari danakli daraxtlar bahorda kesiladi, – deydi bosh hosilot Ahmadjon Musayev. – Pudratchilarimiz yosh bog‘lar qator oralarida ko‘chat nihollari, qulupnay, pomidor kabi ekinlarni parvarishlaydi. Mirishkor dehqonlarimiz yetishtirgan atirgullar hatto Germaniyada ham xaridorgir.
Markazda tomorqa yer egalarini sifatli urug‘ va ko‘chatlar bilan ta’minlash, naslchilikni yaxshilash, intensiv bog‘lar yaratish, zamonaviy issiqxonalar qurish, tomchilatib sug‘orish kabi sohalarda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Bu yerda yurtimizda yetishtiriladigan meva navlarining barchasidan – yong‘oq, bodom, nok, uzum, anjir, dub, archa, gullar ham bor. Misol uchun, shaftolining yuz, o‘rik, olma, nok kabi mevalarning ellikdan ortiq navlari yaratilib, parvarishlanmoqda. Birgina o‘rikning “Qilich”, “Yo‘ldosh”, “Lola” kabi ichki bozorda xaridorgir, ham eksportbop navlari yaratilib, ommalashtirilmoqda. Ilmiy asosda orttirilgan boy tajribalar, zamonaviy agrotexnik tadbirlar, yaratilgan yangi navlar, sohadagi islohot va yangiliklar bilan tadbirkorlar, bog‘bonlar va tomorqachilar muntazam tanishtirib boriladi. Tomorqadan unumli foydalanish, bog‘dorchilik, gulchilik kabi yo‘nalishlarda doimiy o‘quv kurslari tashkil qilingan.

“Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ismoiljon Umurzoqovning aytishicha, hududda har yili dekabr-aprel oylarida ishchi kuchiga ehtiyoj ortadi. Har kuni ikki yuzdan ortiq kunlik ishlovchilar band bo‘ladi.
– Qishlog‘imiz odamlari mehnatkash, o‘z ishining ustalari, – deydi mahalla raisi. – Deyarli hammasi mana shu markazning pudratchilari hisoblanadi. Tomorqachilikdan yiliga 50-60 million so‘m daromad oladi. Hozirgi paytda mahallada “Temir daftar”ga tushganlar qolmadi. Rosti, bir nafar fuqaro bor edi. Ishsiz Sardorjon Yusupovga markaz tasarrufidagi bir gektar yerni bir yillik ijaraga berdik. Agar astoydil mehnat qilsa, shartnoma shartlarini o‘z muddatida bajarib borsa, kamchiligi bo‘lmaydi.
Markazda Koreya, Xitoy texnologiyalari asosida namunali issiqxonalar barpo etildi. Har birining o‘ziga xos afzallik jihatlari bor. Bu yil Quvasoy adirliklaridagi 100 gektar maydonda Turkiya texnologiyasi asosida tomchilatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan.
M. Sulaymonov, O‘zA