Qutqaruvchilar yangi binoda ish boshladi
Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Binoning tantanali ochilish marosimida bugungi kunda sohaga qaratilayotgan e’tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida so‘z bordi.

Yangi binoda barcha qulaylar yaratilgan. Xususan, qutqaruvchilarning jismonan baquvvat va sog‘lom bo‘lishlari, kasb mahoratlarini, ma’naviy bilimlarini oshirib borishlari uchun yotoqxona, oshxona, sinfxona, yuvinish xonasi, ma’naviyat va ma’rifat xonasi hamda sport maydonchasi bor. Elektr ta’minotini tejash maqsadida binoga quyosh panellari ham o‘rnatilgan. Ushbu zamonaviy talablarga javob beradigan yong‘in-qutqaruv qismi binosining qurilish ishlariga 5 milliard 367 million so‘m mablag‘ sarflangan.

Amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar negizida aholiga o‘z vaqtida sifatli xizmat ko‘rsatish va albatta ularni rozi qilish asosiy maqsad etib belgilangan. Tadbirda Favqulodda vaziyatlar vaziri, general mayor Abdulla Qo‘ldoshev ham ishtirok etdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.