Qurilishda yangi yechim: sut qutisidan tom qoplamasi ishlab chiqarilmoqda
Braziliyada chiqindiga tashlangan sut qutisini qayta ishlash orqali qurilish uchun ekologik va mustahkam tom qoplamasi ishlab chiqarilmoqda.
Bunday qutidan qog‘oz tolasi ajratib olingach, qolgan yelim va alyuminiy aralashmasi – polialyuminiy yuqori harorat va bosimda qayta ishlanadi. Natijada tom uchun mo‘ljallangan mustahkam gofrlangan panel hosil bo‘ladi.
Yangi material fibrotsement va keramik cherepitsaga muqobil tarzda qo‘llanmoqda. Alyuminiy qatlami quyosh nurini qaytarib, bino ichidagi haroratni pasaytiradi.
Panelning asosiy afzalligi – yengilligi. Bu ustunlik tashish va o‘rnatishni osonlashtiradi.
Ishlab chiqaruvchilar ma’lumotiga ko‘ra, har kvadrat metrga taxminan 150 kilogramm yuk ko‘taradigan panel do‘l zarbasiga chidamli, sinish, bukilish va suv o‘tkazishga nisbatan barqaror.
Maxsus ro‘yxatdan o‘tgan universitetlar tadqiqotida ham ushbu qayta ishlangan material issiqlik izolyatsiyasi an’anaviy keramik cherepitsanikiga yaqinligi qayd etilgan.
Ushbu texnologiyaning yana bir muhim jihati maishiy chiqindini qimmatli sanoat mahsulotiga aylanishidir.
Braziliyada har yili yuz minglab tonna karton qadoq qayta ishlanib, tom qoplamasi, panel va mebel ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. Endi esa iste’moldan keyin chiqindiga tashlab kelingan yelim va alyuminiy qayta muomalaga kiritilmoqda. Ayni yondashuv iqtisodiyotni rivojlantirish, chiqindi hajmini kamaytirish va qurilishda ekologik materialdan yanada kengroq foydalanish uchun istiqbolli yechim sifatida baholanmoqda.
Nodira Kayimova,
O‘zA