Qurilish sohasida malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Buxoro arxitektura va qurilish texnikumi negizida tashkil etilgan “Qurilish sohasida malakali mutaxassislarni tayyorlash markazi” ish bilan band bo‘lmagan aholi, xususan, yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori kasblarga o‘qitish va ularning kasbiy malakasini oshirish borasida samarali faoliyat yuritmoqda.
[gallery-9657]
Markaz Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 25 yanvardagi “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatga ketayotgan shaxslarni va band bo‘lmagan aholini o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan. Bu yerda tinglovchilar tanlagan kasblari bo‘yicha xalqaro standart talablariga muvofiq, amaliy ishlash kompetensiyasiga, zamonaviy kompyuter, AKTlarini ish jarayonida qo‘llash, binokorlik sohasidagi maxsus kompyuter dasturlari va ularning mobil ilovalaridan foydalana olish malakasiga ega bo‘lmoqda. Markazda zamonaviy o‘quv va amaliyot jihozlari, dam olish xonalari, sport zal, kutubxona va yotoqxonaga mavjud. Bu yerda tinglovchilar 3 mahal bepul issiq ovqat hamda Bandlik bosh boshqarmasi tomonidan har oy 690 ming so‘m miqdorida stipendiya bilan ta’minlanadi. Shuningdek, tinglovchilar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari o‘tkazilib kelinadi. Bundan tashqari viloyatning tarixiy obidalari, muzeylar, kino va teatrlariga ham sayohatlar tashkil etilmoqda.
O‘quv markazida g‘isht teruvchi, elektrpayvandlovchi, duradgor, bo‘yoqchi-bezakchi, suvoqchi, santexnika ishlari ustasi, elektromontajchi, temir va temir-beton konstruksiyalar montajchisi, kran mashinisti kabi 14 ta kasb bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etilgan.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA