Qurilish oynalari endi o‘zimizda ishlab chiqarilmoqda
Farg‘ona viloyati Quvasoy shahridagi “Kvars” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarilayotgan sifatli va raqobatbardosh mahsulotlarga talab katta. O‘tgan yil sentyabr oyida umumiy qiymati 736,6 milliard so‘m bo‘lgan qurilish oynasi ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.
Davlatimiz rahbarining qurilish materiallari sanoati rivojiga bo‘lgan alohida e’tibori natijasida so‘nggi yillarda mamlakatimizda bunyodkorlik ishlari tobora ortib, qurilish materiallari sanoati iqtisodiyotning yetakchi tarmog‘iga, o‘sish nuqtalaridan biriga aylanib bormoqda. Mazkur yirik loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 18 sentyabrdagi “Kvars” AJda listlangan oyna ishlab chiqariladigan yangi float-liniyasini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi hamda 2020 yil 9 yanvardagi“O‘zbekiston Respublikasining 2020–2022 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.

Qurilish oynasi ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblangan “Kvars” AJda foydalanishga topshirilgan float (qurilish) oynasi ishlab chiqarish yangi texnologik liniyasi umumiy qiymati 70,2 million dollarni tashkil etdi. Ushbu bunyodkorlik ishlariga 41,5 million dollar miqdoridagi investitsiya va kreditlar yo‘naltirilgan. Yangi liniyada yiliga 22,2 million kv metr 2 mm shartli qalinlikdagi bo‘lgan float oynasi ishlab chiqariladi. Bu yerda 280 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Korxonaga Yevropa davlatlaridan va Xitoydagi qurilish oynasi ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi kompaniyalardan zamonaviy, energiya tejamkor, so‘nggi rusumdagi uskunalar keltirilib o‘rnatilgan. Eng muhimi, loyiha amalga oshirilgach energiya sarfi 2 barobarga kamaydi. Mahsulot tannarxi 20-30 foizga arzonlashishi kutilmoqda. Shuningdek, zavodning qurilish oynasi ishlab chiqarish bo‘yicha yillik quvvati 10 million kv. metrdan 32 million kv. metrga (shartli 2 mm qalinlikda) yetkazildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mahalliy bozorda qurilish oynasiga bo‘lgan talab deyarli koplanib, eksport ko‘lami kengaytiriladi.
M. Sulaymonov, O‘zA