Qum-shag‘al kushandalari ushlandi
Surxondaryo viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan reyd tadbiri chog‘ida qum-shag‘al xom ashyosini qonunga zid yuklab, tashish holatlariga duch keldi.
Denov tumanida yashaydigan Rustam Shoyimov (ism-shariflar o‘zgartirildi) va Erali Avazov qum-shag‘al xom ashyosini “Surxon” daryosi o‘zanidan yuk mashinasiga ortganida qo‘lga tushib qoldi. Sho‘rchi tumanida istiqomat qiladigan Qosim Sharipov “Tentaksoy” soyidan qum xom ashyosini tashiyotganida ushlandi.




Holat yuzasidan Rustam Shoyimov va Erali Avazovning har biriga 11 million 250 ming so‘mdan jarima jazosi rasmiylashtirilib, 8 million 709 ming 120 so‘mdan tabiatga yetkazilgan zarar undirilishi belgilandi. Sho‘rchilik Qosim Sharipov esa 3 million 750 ming so‘m jarima va atrofga yetkazilgan zarar uchun 990 ming so‘m to‘laydigan bo‘ldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri