Qulay investitsiya muhiti samarasi
Mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay investitsiya muhiti yaratilgani hindistonlik sarmoyadorlarning ham O‘zbekistonda hamkorlik aloqalarini keng yo‘lga qo‘yishida muhim omil bo‘lmoqda. 2012-yilda Buxoro shahrida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Bukhara – India Textile” qo‘shma korxona tashkil etilgan.
Mamlakatimizda xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay investitsiya muhiti yaratilgani hindistonlik sarmoyadorlarning ham O‘zbekistonda hamkorlik aloqalarini keng yo‘lga qo‘yishida muhim omil bo‘lmoqda. 2012-yilda Buxoro shahrida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Bukhara – India Textile” qo‘shma korxona tashkil etilgan.
Tikuvchilik va to‘quvchilikka ixtisoslashgan mazkur korxona o‘tgan qisqa davrda ichki bozorda o‘z o‘rnini topdi. Bu yerda tayyorlanayotgan erkak va ayollar kiyim-kechaklari xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Ushbu mahsulotlar buyurtma asosida xaridor talab va xohishiga ko‘ra istalgan bichim va hajmda tayyorlanadi.
– Seximiz zamonaviy tikuv mashinalari bilan jihozlangan, – deydi tikuvchi Shirin Ochilova. – Mahsulotlarimizni buyurtmachilarning didiga mos, milliy va zamonaviy bichimda tayyorlab, o‘z vaqtida ularga yetkazamiz. Bu juda muhim. Korxonamiz faoliyat boshlaganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Lekin uni viloyat tashqarisida ham yaxshi bilishadi. Yaqinda Navoiy viloyati Zarafshon shahri madaniyat va sport ishlari bo‘limi buyurtmasi asosida ommaviy-madaniy tadbirlar uchun sahna liboslari tayyorlab berdik.
Korxona mahsulotlari orasida shisha idishlar uchun dizayn dekor-to‘rchalar alohida o‘rin egallaydi. Ularning asosiy buyurtmachisi shifobaxsh balzam ishlab chiqaruvchi Buxoro shahridagi “Bux-Tel” O‘zbekiston – Isroil qo‘shma korxonasidir.
Zar ipdan to‘qiladigan dekor-to‘rchalarni “Bukhara – India Textile”ga uning kasanachilari tayyorlab beradi. Mehnatning bu shakli korxona uchun juda qulay. Qolaversa, uy mehnati bilan shug‘ullanuvchi 23 xotin-qizga ham o‘ng‘ay.
– Korxona materialni uyimizga o‘z transportida yetkazib beradi va tayyor dekor-to‘rchalarni olib ketadi, – deydi Kogon shahridan Mohichehra Qobilova. – Kasanachilik, ayniqsa, ayollarbop ishdir. Bola parvarishi, uy-ro‘zg‘or yumushlaridan ortib, bo‘sh vaqtingizda mehnat qilib, daromad topasiz. Bu oila byudjetiga yordam bo‘lib qo‘shiladi.
“Bukhara – India Textile” barqaror rivojlanayotgan subyektlardan. Joriy yilda korxonada ishlab chiqarish hajmini o‘tgan yilgiga nisbatan 30 foiz oshirish ko‘zda tutilmoqda.
– Eksport har qanday korxonaning salohiyat darajasini, istiqbolini belgilovchi ko‘rsatkichlardan biridir. – deydi “Bukhara – India Textile” korxonasi bosh direktori Shirin Yoqubova. – Shuning uchun mahsulot va xizmatlarimizni xorij bozoriga chiqarish rejalarini ishlab chiqib, qiziqish bildirgan tomonlarning taklifini o‘rganmoqdamiz. Yaqin istiqbolda korxonamiz eksportchilar ro‘yxatidan o‘rin olishiga ishonamiz.
Korxona faoliyat doirasini kengaytirish maqsadida turli o‘lchamdagi ko‘rpa-to‘shak jildlari, choyshab, xo‘jalik qo‘lqopi ishlab chiqarishni ham rejalashtirmoqda. Bu korxonada ish o‘rinlari soni yanada ko‘payadi demakdir.