Quddusda yirik namoyish
Quddusda Isroil va XAMAS o‘rtasida urush boshlangandan beri eng yirik ommaviy norozilik namoyishi uyushtirildi. 100 mingdan ziyod odam parlament – Knesset yonida to‘planib, hukumatning iste’fosini talab qilgan. G‘azo sektorida qariyb olti oydan beri davom etayotgan qonli ziddiyat asnosida hukumatga qarshi to‘planmoqda, deb yozgan “Kazinform” agentligi.
Olomon yakshanba kuni kechqurun soat 19:00 atrofida Knesset tomon yo‘l olgan va to‘rt kunlik namoyishni boshlagan. Tashkilotchilar Bosh vazir Binyamin Netanyaxu va uning hukumatini iste’foga chiqishga, mamlakatda muddatidan oldin saylov o‘tkazish, rahbariyatni esa G‘azoda garovga olingan 130 nafar isroillikni ozod qilish uchun garov kelishuviga rozi bo‘lishga chaqirmoqda. Bu yerda ko‘pchilik Netanyaxuga ishonchsizlik bildirgan. Mitingda so‘zga chiqqanlar orasida muxolifat yetakchisi Yair Lapid, garovga olinganlarning oila a’zolari va 7-oktyabr kuni XAMASning Isroil janubiga hujumida yaralanganlar tarafdorlari bor.

Namoyishchilarga murojaat qilar ekan, Yair Lapid Netanyaxuning lavozimida qolishi haqida qayg‘urayotganini aytdi. Shuningdek, u Isroil Bosh vazirini saylov mamlakatni falaj qiladi, degani uchun tanqid qilib, uning rahbarligida mamlakat allaqachon falaj bo‘lib qolganini ta’kidlagan.
Ayni payt moliya vaziri Betsalel Smotrich garovga olinganlar va saylov bo‘yicha kelishuvga erishishga chaqiruvchi norozilik kuchayib borayotganini “mas’uliyatsiz bosim” deb atadi.

Asosiy aksiya tugagandan so‘ng ba’zi ishtirokchilar yaqin atrofdagi “Begin” shossesini to‘sib qo‘yishdi va yo‘lda gulxan yoqishdi. Keyinroq politsiya ularni haydadi. Boshqa namoyishchilar Quddusga kirish yo‘lini String ko‘prigi yaqinida to‘smoqchi bo‘lib, huquq-tartibot idoralari bilan to‘qnashgan. Bir namoyishchi hibsga olingan, dedi politsiya xodimi.
Knesset yaqinidan boshlab qurilgan 100 dan ortiq chodirlar qatori Tashqi ishlar vazirligi binosigacha cho‘zilgan.
Norozilik harakati tashkilotchilari bu hafta Quddus bo‘ylab to‘rt kunlik miting va tadbirlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.