Qrimda tungi vaqtda yo‘lovchi poyezdlari harakati cheklandi
Qrimda uzoq masofaga qatnovchi yo‘lovchi poyezdlarning tungi harakati vaqtincha cheklandi. Bu haqda yarim orol ma’muriyati rahbari Sergey Aksyonov ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, 10-iyundan boshlab poyezdlar Qrim hududiga ertalab 05:00 dan kechqurun 23:00 gacha kirib keladi. Simferopolga yo‘nalgan ayrim tungi reyslar esa Kerch-Yujnaya bekatida to‘xtaydi.
Ma’lum qilinishicha, avval tungi vaqtda harakatlangan olti juft poyezd 10 yo‘nalish bo‘yicha qatnov amalga oshirgan. Endi ushbu yo‘nalishdagi yo‘lovchilar Kerchdan Simferopol, Jankoy va Vladislavovka kabi shaharlarga avtobus bilan yetkaziladi.
Avvalroq Qrim ma’muriyati 8-iyunga o‘tar kechasi Moskva – Simferopol yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi lokomotiviga dron hujumi uyushtirilganini bildirgan edi. Hodisa oqibatida mashinist yordamchisi halok bo‘lgan, boshqaruvchining o‘zi esa jarohat olgan. Ukraina tomoni fuqarolik ob’ektlariga zarba berganini rad etmoqda.
D.Hakimov, O‘zA