Qozoq xonligiga oid noyob qo‘lyozma topildi
Qo‘lyozmalar va nodir kitoblar milliy markazi Rossiya milliy kutubxonasida “Arxiv-2025” dasturi doirasida topilgan nodir qo‘lyozma nusxasini taqdim etdi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi ma’lum qildi.
2022 yil Moskvaga uyushtirilgan ilmiy-tadqiqot safari chog‘ida markaz mutaxassislari XVII asrga oid fors tilida yozilgan “Tarix” nomli qo‘lyozmani o‘rgandilar. Hujjatdagi Qozog‘iston tarixiga doir muhim ma’lumotlar Muhammad Haydar Dug‘lotning mashhur “Tarixi Rashidiy” asari davomi ekani aniqlandi.
Qo‘lyozma muallifi, ushbu asarlarini 30 yil mobaynida yaratgan Shoh Mahmud ibn Mirza Fozil Churos shajaralar, jumladan Mo‘g‘uliston tarixi mashhur bilimdoni sanaladi.
Ta’kidlash joiz, “Arxiv-2025” dasturi doirasida markaz xodimlari Qozog‘istonga Yevropa va Xitoydan ko‘plab qadimiy qo‘lyozmalarni olib keldi. Manbalarda Markaziy Osiyo hududi va tarixi tilga olingan. Topilgan barcha hujjatlar mamlakat tarixini yanayam chuqurroq anglash uchun olimlar tomonidan sinchiklab o‘rganiladi.
Aziza Alimova, O‘zA