Qozog‘iston harbiy delegatsiyasi Termizga yetib keldi
Qozog‘iston Respublikasi quruqlikdagi qo‘shinlari bosh qo‘mondonlik boshqarmasi shtab boshlig‘i, general-mayor Kanish Abubakirov boshchiligidagi qo‘shni davlat harbiy delegatsiyasi mamlakatimiz janubidagi qadimiy va hamisha navqiron Termiz shahriga keldi.
Bu haqda O‘zAga xabar qilgan Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti malumotlariga ko‘ra,yaqinda harbiy xizmatchilarimiz qozog‘istonlik hamkasblarining ikki tomonlama o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etib qaytgan edi.

Mintaqamizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash maqsadida qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida ikki tomonlama mazkur o‘quv-mashg‘ulotlari endi “Termiz” poligonida davom ettiriladi.
Qardosh yurt harbiylari “Termiz” poligoni bazasida tantanali kutib olindi va mehmonlarga ajratilgan yotoqxonalarga joylashdi. Shundan so‘ng qo‘shni davlat delegatsiyasining mas’ul ofitserlari O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari, polkovnik Qodir Tursunov hamrohligida o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan hududlarni ko‘zdan kechirdi.Kechki payt “Hamkorlik-2021” qo‘shma o‘quvining rejasi muhokama qilindi.

Joriy yilning 24 noyabrigacha davom etadigan “Hamkorlik-2021” qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida ikki davlat harbiylari real jang olib borish ssenariysi asosida o‘z mahoratlarini namoyish etadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA