Qozog‘iston Eron bo‘yicha kutilmagan taklif bilan chiqdi
Qozog‘iston Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasini o‘z hududida saqlash imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu tashabbus Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralardagi eng bahsli masalalardan birini hal qilishga yordam berishi mumkin.
Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi vakili Yerlan Jetibayevning aytishicha, Ostona barcha tomonlar o‘rtasida tegishli xalqaro kelishuvga erishilgan taqdirda texnik yordam ko‘rsatishga tayyor.
Masala Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari Rafael Grossi bilan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev o‘rtasidagi uchrashuvda ham muhokama qilingan. Grossi Qozog‘istonni uran zaxirasi uchun ehtimoliy neytral maydon sifatida baholadi.
Tahlilchilar fikricha, Ostonaning bunday rolga da’vogar bo‘lishi bejiz emas. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Qozog‘iston dunyodagi eng yirik yadroviy arsenallardan birini ixtiyoriy ravishda tugatgan va yadroviy quroldan voz kechgan davlat sifatida xalqaro maydonda katta obro‘ qozongan.
Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, Eronda 60 foizgacha boyitilgan taxminan 440 kilogramm uran mavjud. Bu yadroviy qurol uchun zarur bo‘lgan 90 foizlik darajaga yetmagan bo‘lsa-da, qo‘shimcha boyitilsa bir nechta yadroviy qurol tayyorlash uchun yetarli hisoblanadi.
Tehron bu masalada murosaga tayyor emasligini bildirmoqda. Eron parlamentining Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi rahbari Ibrohim Aziziy mamlakat uran zaxirasi uchinchi davlatga olib chiqilmasligini va yadroviy dastur muhokama mavzusi emasligini ta’kidladi.
Shu tariqa, Qozog‘istonning taklifi muzokaralarga yangi imkoniyat yaratayotgan bo‘lsa-da, tomonlar o‘rtasidagi asosiy kelishmovchiliklar hali ham saqlanib qolmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA