Qozogʻistonga Bosh vazir tayinlandi
Asqar Mamin Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri etib tayinlandi.
Asqar Mamin Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri etib tayinlandi. Bu haqda bugun mamlakat Prezidenti Nursulton Nazarboyevning farmoni eʼlon qilindi.
“Mamlakat rahbari Askar Maminni Qozogʻiston Bosh vaziri etib tayinlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi“, deyiladi Prezident matbuot xizmatining Twitterdagi sahifasida.
53 yoshni qarshilagan Asqar Mamin respublikaning transport va kommunikatsiyalar vaziri, Ostona shahri hokimi, “Qozogʻiston temir yoʻli“ milliy kompaniyasi rahbari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2016 yilning sentyabridan Qozogʻiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan.
Eslatib oʻtamiz, Qozogʻiston Prezidenti 21 fevral kuni hukumatni isteʼfoga chiqarish toʻgʻrisidagi farmonni imzolab, Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimini vaqtincha Mamin Asqar Uzakpayevichga yuklatgan edi.