Qovun sayli yuqori saviyada o‘tdi
Xorazm qovunlari yetti iqlimga mashhur va ma’lum. Ko‘hna zaminda qovun yetishtirishda dong taratgan mamlakatimiz mirishkorlari qadimiy va navqiron Xiva shahrida har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan festivalda jam bo‘ldi. Oldingi yillarda ushbu festivalda faqat voha mirishkorlari uchrashib o‘zaro tajriba almashgan bo‘lsa, bu galgi tadbirda respublikamizning barcha hududlaridan fermer va dehqonlar ishtirok etdi. O‘z ishining mohir va bilimdon bobodehqonlarning qishin-yozin qilgan mashaqqatli mehnatining samarasi mana shu to‘kin-sochinlikda namoyon bo‘ldi.
– Biz o‘zimizga ajratilgan pavilonni eng shirin mahsulotlarimiz bilan bezadik, – deydi surxondaryolik dehqon Hamza Bozorov. – Viloyatimizda yetishtirilgan o‘n ikki turdagi qovunlardan olib keldik. Mirishkorlar yaqindan tanishib tajriba almashdik.
Darhaqiqat, qovun saylining barcha tadbirlari xorijiy va mahalliy sayyohlar bilan gavjum bo‘ldi. Yuqori darajada tashkil etilgan festival ularga ham unutilmas onlar, boy taassurotlar tuhfa etdi.
[gallery-13120]
– Biz rafiqam bilan Fransiyadan keldik, – deydi Vinsent Giosobi. – O‘zbekistonga birinchi marotaba kelishimiz. Mamlakatning go‘zal shaharlarida bo‘ldik. Tarixiy obidalar bilan tanishdik. Ikki kun oldin yurtimizga qaytishimiz lozim edi. Biroq, festivalda ishtirok etish maqsadida qoldik. Ushbu festivalni kuzatib, O‘zbekistonda yetishtirilgan, ayniqsa, Gurvak va Bo‘ri kalla qovunlarining shirasi og‘zimda qoldi. Endi vaqt topib ushbu festivalga har yili kelaman. Saylda dehqonlar Xorazmning Shirin pechak, Gurvak, Qari qiz, Jiyda yaproq, Bo‘ri kalla, Oq novvot kabi yuzdan ortiq navlarini namoyish qildi.
“Ichanqal’a” davlat muzey qo‘riqxonasi Polvon darvozasi oldidagi maydonda an’anaviy “Qovun sayli” Respublika festivalining taqdirlash va yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Xorazm viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov hamda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov festival ishtirokchilarini tabriklab, Xorazm qovunlarining dovrug‘ini qayta tiklash borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Hakamlar hay’ati qaroriga ko‘ra, Xiva shahri festivalning oliy o‘rin sohibi deb topilib “Jentra” yengil avtomashinasi bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rinni egallagan Qo‘shko‘pir tumaniga “Neksiya-3”, ikkinchi o‘rin egasi Toshkent viloyatiga “Spark”, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Yangibozor tumaniga esa “Damas” avtomobili topshirildi. Shuningdek, “Qovunchilikda eng yuqori daromad va hosildorlikka erishganlik uchun”, “Qadimiy an’anaviy Xorazm qovunlar navlarini tiklash”, “Eng yaxshi eksportbop qovun yetishtirganligi uchun”, “Qovunchilikda innovatsion texnologiyalar joriy qilganligi uchun” va “Eng ko‘p turdagi qovun yetishtirgan hudud” kabi nominatsiyalar bo‘yicha bir qator tuman va shaharlar, muassasalar hamda fermer xo‘jaliklari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosimidan so‘ng barcha mehmonlar hamda tashrif buyuruvchilarga sahnalashtirilgan chiqishlar va ozarbayjonlik san’atkorlar hamda o‘zbek estradasining yulduzlari ishtirokida katta gala-konsert dasturi namoyish etildi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat) O‘zA.