Qo‘shko‘pirlik va xonqalik ishsiz “alimentchi”lar ishli bo‘ldi
Majburiy ijro byurosi Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanlarida viloyat prokuraturasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish viloyat boshqarmasi hamda tuman hokimliklari hamkorligida aliment to‘lovchi ishsiz fuqarolar uchun mehnat yarmarkalari tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi aliment to‘lovchi fuqarolarni doimiy ish bilan ta’minlash, ularning daromad manbaini shakllantirish hamda farzandlar ta’minoti bilan bog‘liq majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishlariga ko‘maklashishga qaratildi.
– Byuroning Qo‘shko‘pir va Xonqa tumani bo‘limlari ish yurituvidagi aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari bo‘yicha tashkil etilgan yarmarkada 165 nafar fuqarolar qatnashdi, – deydi boshqarmaning axborot xizmati rahbari Ruslan Matrasulov. – Yarmarkada 43 ta korxona va tashkilot tomonidan 283 ta bo‘sh ish o‘rinlari taqdim etildi. Yarmarkalar natijasida 8 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangan bo‘lsa,12 nafar fuqaroga kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha bepul vaucherlar berildi. Mazkur tadbir yakuniga ko‘ra 5 nafar fuqaro, jumladan, aliment to‘lovchi shaxslar ishga joylashish uchun tegishli idora-tashkilotlarga yo‘naltirildi.

Tadbirlar doirasida aliment to‘lovchi ishsiz fuqarolarga amaldagi qonunchilik, bandlikni ta’minlash va barqaror daromad manbaini yaratish masalalari yuzasidan huquqiy va amaliy tushuntirishlar ham berildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri