Qo‘riqlash sohasida xalqaro hamkorlik
Joriy yilning 31 yanvaridan 3 fevral kuniga qadar Rossiya federatsiyasi Milliy gvardiyasi federal qo‘shinlari muassasadan tashqari Qo‘riqlash bosh boshqarmasi delegatsiyasi a’zolari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi.
Tashrif O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Rossiya Federatsiyasi Milliy gvardiyasi Federal qo‘shinlari o‘rtasida 2022 yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejasini amalga oshirish doirasida tashkil etildi.
Bu haqda Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv doirasida dastlab Rossiya delegatsiyasi a’zolari va O‘zbekiston Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari, Qo‘riqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik M.G‘aniyev bilan uchrashuv tashkil qilindi. Unda Rossiya Federatsiyasi Milliy gvardiyasi vakillariga sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, amaliyotga joriy etilgan qo‘riqlash texnologiyalari, xodimlarning kasbga oid, jismoniy va jangovar ko‘nikmalarini yanada oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng Rossiya Federatsiyasi Milliy gvardiyasi delegatsiyasi a’zolari Toshkent shahar Qo‘riqlash boshqarmasi, Chilonzor va Shayxontohur tumanlari qo‘riqlash bo‘limlari hamda Samarqand viloyati qo‘riqlash boshqarmasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tanishuv davomida tomonlar sohani yanada rivojlantirish borasida o‘zaro fikr almashdi.
O‘zA