Qo‘rg‘ontepa tumanida germaniyalik mutaxassis ish boshladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 28 yanvar kuni maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ta’lim tizimidagi islohotlarni chuqurlashtirish, maktab ta’limini sifat va samaradorlik jihatdan yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, Davlatimiz rahbari maktablardagi muhitni yaxshilash maqsadida boshqaruvni isloh qilish, xalq ta’limi bo‘limi mudirligiga va maktab direktorligiga malakali menejerlarni tayinlash, xorijdan malakali mutaxassislar jalb etish bo‘yicha qator tavsiyalar berdi.
Ana shu vazifa va tavsiyalardan kelib chiqib, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi Elyorbek Nabijonov tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan loyiha doirasida tumanga Germaniya davlatidan 5 nafar nemis tili bo‘yicha mutaxassis taklif etilishi rejalashtirilgan. Ayni kunda Germaniyaning Myunxen shahridagi maktabda nemis tili o‘qituvchisi bo‘lib faoliyat yuritgan Yorg Aster Qo‘rg‘ontepa tumanida ish boshladi.
Tumandagi 11 ta umumta’lim maktabida ishlayotgan 50 nafar o‘qituvchilar xorijlik mutaxassis boshchiligida malaka oshirishga jalb etiladi. Germaniyalik mutaxassis o‘qituvchilar bilan mashg‘ulotlar (yozish, o‘qish, tinglab tushunish va gapirish kompetensiyalarini rivojlantirish) o‘tkazadi, shuningdek, maktablarda nemis tilini o‘qitish jarayonlari bilan yaqindan tanishadi, o‘qitish sifati va samaradorligini oshirishga yordam beradi.
– O‘zbekistonga kelish va ishlash imkoniga ega bo‘lganimda mamnunman, – deydi germaniyalik Yorg Aster. – Andijonlik mutaxassislarga qo‘limdan kelganicha nemis tilini o‘qitish bo‘yicha bilim, malaka va tajribasini oshirishga yordam beraman.
[gallery-5926]
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov(surat), O‘zA