“Qo‘rg‘on” turizm mahallasi tashkil etiladi
Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Qo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘iniga “Turizm mahallasi” maqomi berilgan. Manzilda yaratilgan shart-sharoitlar va “Turizm mahallasi” maqomini olish yuzasidan amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirish maqsadida, Turizm qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Isakulov, viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Suhrobjon Bobokalonov va tegishli mas’ullar o‘rganish ishlari olib bordi.
Mas’ullar turizm mahalla hududidagi “Boborahimboy” masjidida tashkil etilayotgan viloyat turizm boshqarmasining tumanlararo (G‘ijduvon, Vobkent, Shofirkon) bo‘limida bo‘ldi. Mahalla raisining yig‘indagi turistik muhitni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflari tinglandi.

Shuningdek, mahalla hududida faoliyat yurituvchi pichoqchi hunarmand bilan suhbat olib borildi. Ish jarayoni yaqindan kuzatildi va uning faoliyatini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. “Qo‘rg‘on” turizm mahallasi qadimiy qal’a devorini qayta tiklash hamda uning atrofida yengil konstruksiyali hunarmandlar rastalarini tashkil etish loyihasini amalga oshirish yuzasidan mahalla faollari bilan fikr almashildi.


Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda qishloq joylarida turizm sohasini faol rivojlantirish orqali mamlakatimizning ko‘plab hududlarida qishloq aholisining muqobil bandligi ta’minlanishiga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri