Qoraqumlik yoshlar bilan uchrashuv
Sirdaryo viloyati Xovos tumani “Qoraqum” mahallasidagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida shoir, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Muhammad Ismoil bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Adolat” sotsial demokratik partiyasi viloyat kengashi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi viloyat boshqaruvi, Xovos tumani Xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari, maktablarning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari, OAV vakillari, she’riyat ixlosmandlari ishtirok etdi.

Ijodiy uchrashuvda shoir qalamiga mansub she’rlarga bastalangan qo‘shiqlar, badiiy chiqishlar ijro etildi. Maktab o‘quvchilari o‘zlari yozgan she’rlardan namunalar o‘qib berdi.
– Bunday ijodiy uchrashuvlar chekka tuman va qishloqlarda ta’lim olayotgan o‘quvchilarga ijodiy quvvat beradi, – deydi Sanobar Otayeva. – Men ham adabiyotni sevaman. Nabiralarim ijodkor bo‘lishini, adabiyotga oshufta bo‘lishini istayman. Shu bois bugungi uchrashuvga men ham keldim.

Tadbir so‘nggida Muhammad Ismoil maktab ma’muriyatiga o‘z ijodiy namunalari jamlangan kitoblaridan tuhfa qildi.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA