Qoraqalpog‘istonlik yigitlar muddatli harbiy xizmatga kuzatildi
Nukus shahridagi O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat bayroqlari qad rostlab turgan maydonda muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yoshlarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga tantanali ravishda kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, ota-onalar, o‘quvchi yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.


Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni general-mayor F.Shermatov va boshqalar so‘zga chiqib Vatan oldidagi yigitlik burchini o‘tashga yo‘l olgan bir guruh yigitlarga omad va zafarlar tiladi.
Davlat xavfsizligi xizmati Chegara qo‘shinlari xizmat itlarining tayyorgarlik mashqlari, harbiy orkestr va estrada xonandalari ijrosidagi kuy va qo‘shiqlar hamda faxriy qorovulning saf elementlaridan iborat ko‘rgazmali chiqishlari tadbir ishtirokchilariga xush kayfiyat ulashdi.


Kuzatish marosimida Nukus shahri va tumanidan jami 4 ta “Vatan tayanchi” otryadining 84 nafar a’zosiga “Vatan tayanchi” ko‘krak nishoni topshirildi. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 2 martdagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori asosida bugungi kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasining Shumanay, Qonliko‘l, Amudaryo, To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Beruniy tumanlarida tashkil etilgan “Vatan tayanchi” otryadi a’zolariga ko‘krak nishonlari topshirilgan edi. Bu harakat yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etib, yoshlarga oid davlat siyosatining mutlaqo yangicha tizimi sifatida faoliyat boshladi.
Ota-onalari va yaqinlari bilan qisqa daqiqalik xayrlashuvdan so‘ng egniga harbiy libosi yarashgan yigitlar Vatan himoyasiga otlandi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri