Qoraqalpog‘istonlik qilichbozlar “Hokim olimpiadasi”da tengsiz bo‘ldi
Qoraqalpog‘istonda “Prezident olimpiadasi” doirasida qilichbozlik bo‘yicha “Hokim olimpiadasi” musobaqalarining birinchi kungi bahslari yakuniga yetdi.
Musobaqada ishtirokchilar rapira va sablya yo‘nalishlarida o‘zaro raqobatlashdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sportchilari yuqori mahorat va kuchli irodani namoyon etib, bir qator sovrinli o‘rinlarni egalladi.
Sablya bo‘yicha o‘g‘il bolalar o‘rtasida Diyorbek Maksetov chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Atabek Yembergenov hisobiga yozildi. Qaypbergen Qadirbayev va Ilham Tleumuratov esa bronza medallariga sazovor bo‘ldi.

Qizlar o‘rtasidagi sablya bahslarida Zimanoy Jiyengaliyeva g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Perizat Maulenbergenova kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Tumaris Jiyenbayeva va Tumaris Seytmuratova uchinchi o‘rindan joy oldi.
Rapira bo‘yicha qizlar bahslarida Tumaris Yelibayeva birinchi o‘rinni egalladi. Begzada O‘rinbayeva ikkinchi, Muldir Tleubayeva va Ayziya Po‘latbekova esa uchinchi o‘rin sohibiga aylandi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi rapira bahslarida Shahruzbek Bisengaliyev oltin medalni qo‘lga kiritdi. Abdurashid Abdujalilev kumush medal sohibi bo‘lgan bo‘lsa, Muzaffar Shernazarov va Sultanbek Quanыshbayev bronza medallari bilan taqdirlandi.
Qayd etish joiz, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasiga mazkur sport turini yanada rivojlantirish maqsadida to‘liq qilichbozlik ekipirovkalari va maxsus qurollar to‘plami yetkazib berildi. Shuningdek, musobaqalarni adolatli va yuqori saviyada o‘tkazish uchun Xalilullo Sharipov bosh hakam sifatida Toshkent shahridan jalb etildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA