Qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlar Xitoyda
Qoraqalpog‘istonlik bir guruh tadbirkorlar Xitoyning Pekin shahrida o‘tkazilgan “Sonstructtech – 2018” qurilish texnologiyalari, mollari va uskunalari xalqaro ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston – Xitoy biznes-forumida qatnashib, sohaning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan tajriba almashdi.
Qoraqalpog‘istonlik bir guruh tadbirkorlar Xitoyning Pekin shahrida o‘tkazilgan “Sonstructtech – 2018” qurilish texnologiyalari, mollari va uskunalari xalqaro ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston – Xitoy biznes-forumida qatnashib, sohaning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan tajriba almashdi.Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yil dekabr oyida Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va yangi loyihalarni ishlab chiqish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi tadbirkorlarining Xitoy Xalq Respublikasiga maqsadli xizmat safarini tashkil qilish bo‘yicha topshirig‘iga asosan amalga oshirilgan ushbu tashrif O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Nukus shahridagi konsullik bo‘limi va O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etildi.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Xitoyning yetakchi mashinasozlik sanoat korxonalaridan biri – “Sany” korporatsiyasi faoliyati bilan tanishdi. Korporatsiya maxsus qurilish texnikalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Qoraqalpog‘istonlik tadbirkorlar tashrifi munosabati bilan Pekin shahrida O‘zbekiston – Xitoy biznes forumi o‘tkazildi. Unda Xitoyning qurilish, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, oziq-ovqat, to‘qimachilik, investitsiya, farmatsevtika, turizm bo‘yicha 60 dan ortiq korxona va kompaniyasi vakillari qatnashdi.
Tadbirda qoraqalpog‘istonning boy iqtisodiy salohiyati, “Nukus-farm” erkin iqtisodiy zonasi va boshqa kichik ishlab chiqarish zonalarida xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulayliklar, yengilliklar, yuqori quvvatli hamda eksportga yo‘naltirilgan mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun belgilangan preferensiyalar haqida ma’lumot berildi. Qoraqalpog‘istonning turistik salohiyati, ushbu sohani jadal rivojlantirish va tegishli infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, tarixiy joylar haqida videorolik va foto-slaydlar namoyish etildi.
Tadbir doirasida V2V formatida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda qizilmiya ildizini qayta ishlash, yengil sanoat mahsulotlari va qurilish mollari ishlab chiqarish, neft va gaz hamda xizmat ko‘rsatish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston bozoriga yuqori texnologik uskunalarni yetkazib berish taklif qilindi. Xitoylik tadbirkorlar Qoraqalpog‘istonda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurish, qizilmiya ildizi asosida farmatsevtik mahsulot ishlab chiqarish masalalariga qiziqish bildirdi.
Tashrif yakunida joriy yil aprel oyida xitoylik tadbirkorlar Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurishi kelishib olindi. Ikki tomonlama muzokara davomida bir qator eksport va import shartnomalari imzolandi.