Qorako‘lchilik sohasida Ispaniya bilan hamkorlik qilinadi
O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasining delegatsiyasi Ispaniya qirolligiga tashrif buyurdi.
Qo‘mita axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, delegatsiya a’zolari avvalo Ispaniya qishloq xo‘jaligi vazirligining 32-chi xalqaro chorvachilik ko‘rgazmasida ishtirok etdi.
Shundan so‘ng, tashrif doirasida Ispaniyaning “OVIGEN” va “WES” kompaniyalari bilan muzokaralar olib borildi. Jumladan, mazkur kompaniyalarning O‘zbekistonda o‘z filialini ochish va xalqaro standartlarga mos ravishda zamonaviy o‘qitish tizimini hamda qorako‘lchilik klasterlari, sub’ektlari mutaxassislarining xorijda malakasini oshirishni tashkil etish kabi mavzular muhokama etildi.

Shuningdek, uchrashuvda bugungi kunda O‘zbekistonda mayda shoxli mollarni ko‘paytirish, ularning zotini yaxshilash, yaylov xo‘jaligini rivojlantirish sohalarida davlat rahbari tomonidan berilayotgan e’tibor, yaratilgan sharoitlar va imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Shu o‘rinda, Ispaniya Qirolligi qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Leonor Algarra Solis Ispaniyaning chorvachilik sohasida erishayotgan yutuqlari, genetika yo‘nalishida erishilgan natijalar borasida to‘xtaldi. Ikki tomonlama manfaatli hamkorlikdan mamnunligini hamda istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda yaqindan ko‘maklashishga tayyor ekanligini alohida ta’kidladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA