Qorako‘l tumanida yangi zavod qurilmoqda
Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida MTO texnologiyasi asosida gaz-kimyo kompleksi qurilayotir. Bu inshoot mamlakatimizda gaz-kimyo texnologik klasterining yadrosi vazifasini o‘tashi taxmin qilinmoqda. Zavod iqtisodiyotning turli tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va rivojlantirishni ta’minlaydi.
Dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun mamlakatimiz bugun eng qulay investitsiya makoniga aylandi. Shunga muvofiq, xalqaro korporatsiya tomonidan Qorako‘lda MTO texnologiyasi asosida yirik gaz-kimyo kompleksini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bundan avval Enter Engineering kompaniyasi bilan hamkorlikda 4 ta katta inshoot ham qad rostlaydi. Ayni paytda 1000 nafarga yaqin ishchilar ushbu zavodni qurish ishlarini amalga oshiryapti. MTO texnologiyasi asosida gaz-kimyo kompleksiga kerak bo‘ladigan aksariyat texnologiyalar mahalliy sharoitda ishlab chiqariladi. 400 gektar maydondan metanol, olefin, monoetilenglikol, past zichlikdagi polietilen va polipropilen ishlab chiqarish majmualari joy oladi.

– Mana shu yerda payvandlash ishlari olib boriladigan sex bo‘ladi, – deydi uchastka boshlig‘i Alisher Elmurodov. – Metallni shu yerda ishlab chiqaramiz. Bundan keyin bo‘yash sexi qurilmoqda. Sexda bo‘yalib, tayyor mahsulot ishlab chiqariladi. Bu yerda asosan metan gazni ishlab chiqarish zavodi bo‘ladi. Temir beton zavodi quriladi va yirik loyiha Qorako‘l gazni qayta ishlash zavodi bunyod etiladi. Gaz-kimyo kompleksi metanolni olefinga aylantirish texnologiyasidan foydalanadi. Bu degani, yaqin yil ichida Qorako‘lda Markaziy Osiyoda birinchi marta bunday tajriba amaliyotga tatbiq qilinadi.

Mutaxassislarning e’tiroficha, Enter Engineering kompaniyasining yirik sanoat loyihalarini amalga oshirishdagi katta tajribasini Wood kompaniyasining neft-kimyo, tog‘-kon va muhandislik tajribasi bilan uyg‘unlashtirish orqali O‘zbekistonda sanoat rivojlanishi uchun yangi standartlar joriy etiladi. Qolaversa, ushbu loyihaga hamohang tarzda mamlakatimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari uchun hududiy temir, beton va temir-beton mahsulotlari ishlab chiqariladigan katta majmuaga asos solinadi.

– Loyiha metallni qayta ishlash zavodi bo‘lib, 50 mingdan yuqori tonnada temirlarni qayta ishlashdan iborat, – deydi kompaniya bosh muhandisi Ashur Aliyev. – Natija 350 - 500 tagacha ishchi o‘rni yaratiladi. Ayni kunda kimyoviy kompleksni qurish jarayonida 1000 dan ortiq ishchilar ish bilan band. Loyihani tugatish 2025 yilga rejalashtirilgan. Zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 1,5 milliard m³ tabiiy gaz metanidan 730 ming tonna yuqori sifatli polimerlarni tashkil qiladi. Zavod mahsulotlari assortimentiga past zichlikdagi polietilen yiliga 80 ming tonna, etilenvinilatsetat yiliga 100 ming tonna, polietilen tereftalat yiliga 300 ming tonna va polipropilen yiliga 250 ming tonnaga yetkaziladi. Yiliga tayyor mahsulotning 70 foizi O‘zbekiston ichki bozorida, 30 foizi eksportga mo‘ljallanmoqda. Eng muhimi ushbu majmualarda 10-12 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA