Qorahoji ko‘rkam va obod hududga aylanadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, endilikda Qorahoji mahallasi “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” davlat dasturi doirasida rivojlantiriladi.
Bunda ko‘p yildirki, aholini qiynab kelayotgan tashvish va muammolarga yechim topiladigan bo‘ldi. Bu asosan hudud muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ta’miri va obodonligi, ijtimoiy soha inshootlari faoliyatiga bo‘lgan talab va ehtiyojni qondirish orqali mahalliy aholi turmush tarzini yaxshilash kabi jihatlarni qamrab olmoqda.
–Tuman markazidan 25 kilometr uzoqlikda, cho‘l massiviga tutash mahallamizdagi Yangi turmush, Shukrona, Hunarmandlar va Tadbirkorlar deb nomlangan 4 ta ko‘chamizda bugunga kelib 509 ta xonadon, 815 ta oila va ularda jami 3 100 dan ortiq aholi istiqomat qilmoqda, –deydi “Qorahoji” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Komiljon Yangiyev. –-Aholining asosiy tirikchilik manbai chorvachilik va dehqonchilik hisoblanadi. Obodonlashtirishga doir davlat dasturiga kiritilganimizdan juda mamnunmiz. Negaki, mahallamiz yangilanishga muhtoj hududlardan. Bizda o‘tgan asr oltmishinchi, yetmishinchi yillarida qurilgan yo‘l va inshootlar bugun ta’mirtalab ahvolda, elektr liniyasi tarmog‘ini yangilash, qo‘shimcha transformatorlar o‘rnatishga ehtiyoj katta. Yana hozir 350 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan 32-son umumta’lim maktabi, shuningdek, 56-sonli oilaviy poliklinikani qayta ta’mirlash va talab darajasida jihozlash, aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish juda muhim. Qolaversa, hududimizda bolalar bog‘chasi yo‘q, qorahojiliklarning jajji farzandlari esa uzoq yo‘l yurib, qo‘shni Dehqonobod va Jig‘achi mahallalaridagi bog‘chalarga qatnamoqda.
Mutasaddilar o‘rganishi va yuqoridagi dastur asosida Qorahojida qator obodonlashtirish va ta’mirlash, bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Bu borada “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Avvalo, joriy yil dastlabki choragida hududdagi 32-son umumta’lim maktabi yonidan 180 o‘rinli bolalar maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurishga qaror qilingan.
Shuningdek, Qorahojidan oqib o‘tgan ariqning 6 kilometr qismini, suv sig‘imini oshirgan holda betonlashtirish ishlari bilan birga, umumiy uzunligi 35 kilometr ichki yo‘lni risoladagidek ko‘rinishga keltirib, shundan 19 kilometrdan ziyod tuproq yo‘lga shag‘al yotqiziladi. Shundan 6,5 kilometr qismini asfalt qilish, elektr energiyasi ta’minotidagi nuqson va kamchiliklarni bartaraf etib, eskirib yaroqsiz holga kelgan yuzdan ortiq simyog‘ochni beton- tayanch ustuniga almashtirish, tarmoqdagi 3 ming metrdan ortiq elektr kabel simlarni yangilash va iste’moldagi yuklamalardan kelib chiqqan holda yana qo‘shimcha 2 ta elektr transformatorni o‘rnatish chora-tadbiri ko‘rilmoqda.
Mahalladagi toza ichimlik suvi yetib bormagan 20 taga yaqin xonadonni iste’molga yaroqli “ob- hayot” bilan ta’minlash, mahalla ma’muriy binosini ta’mirlab, mahallaga kiraverishdagi ramziy darvozani qurish, yoshlar uchun sport maydonchasini barpo qilish, mavjud 4 ta ko‘chani obodonlashtirib, tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatish, qolaversa, tabiiy gaz quvurlarini ta’mirlab, suyultirilgan gaz iste’moliga o‘tkazilgan aholi xonadonlariga maishiy gaz ballonlarida zarur yonilg‘ini barqaror yetkazib berish, hududdagi 3 ta qabriston atrofini tozalab, obod qilish va, shuningdek, mol bozorini boshqa hududga ko‘chirish kabi muhim ishlar amalda boshlangan. Aytish joizki, bu yerda aholi murojaati asosida savdo do‘konlaridan biriga bankomat o‘rnatilib, hududdagi tuproq ko‘chalar rekonstruksiyasi jadal boshlab yuborilgan.
Shuningdek, mahallada aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, mehnatga layoqatli ishsiz fuqarolarning bandligini ta’minlash va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni, ayniqsa, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Muxtasar aytganda, Qorahoji mahallasining obod va ko‘rkam maskanga aylanadigan kunlari yaqin.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari