Qo‘qon universitetida sayyohlik forumi
Qo‘qon universitetida turizmni tashkil etish mavzusida tadqiqotlar olib borilyapti. Sayyohlik harakati amaliyoti bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda. Shuning uchun ham bu yerda tez-tez sohani rivojlantirish mavzusiga bag‘ishlangan forum, o‘quv seminarlari, uchrashuvlar bo‘lib turadi.
Qo‘qon universitetida Farg‘ona viloyati mehmonlari va Qo‘qon shahridagi turistik manzillar rahbarlari uchun forum tashkil etildi. Uning ishida qo‘shni Qirg‘iziston vakillari ham qatnashdi. Unda viloyatga sayyohlarni jalb etish usullari, muzeylar faoliyatini rivojlantirish mavzusidagi taqdimotlar bo‘lib o‘tdi.


Forum yakunida turistik firmalar va Qo‘qon universiteti o‘rtasida talabalarni ish bilan ta’minlash, turoperatorlik va gidlik kurslarida o‘qitish, mehmonxonalarda amaliyot o‘tashi yuzasidan muzokaralar ham olib borildi.

Forumda so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Xurshid Ahmedov, Qo‘qon shahri hokimi Ma’rufjon Usmonov ijro hokimiyati sayyohlik firmalari va sayohatchilar uchun eng qulay sharoit yaratib berish bo‘yicha dastur qabul qilganini aytib, muammolarni hal etish uchun turizm tadbirkorlari bilan doimiy uchrashuvlar o‘tkazib turishni va’da qildilar.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA muxbiri