Qonunlar mazmun-mohiyati targ‘ib etilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatida doimiy asosda ishlovchi, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxonov ishtirokida Andijon viloyatining tuman va shaharlarida deputatlar, aholi vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda.
Xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi deputatlari, viloyat tashkilotlari, siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida Andijon viloyati hokimligida dastlabki uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Senati tomonidan mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining turli jabhalariga oid ko‘plab qonunlar qabul qilinayotganligi, mazkur hujjatlar o‘z yo‘nalishidagi ishlarni tartibga solish bilan birga, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga, yurtimiz taraqqiyotini rivojlantirishga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.
Seminar tarzida o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Banklardagi omonatlarni himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi hamda boshqa qator qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati, ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
– O‘zbekiston Respublikasining “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun bilan investitsiya hajmiga ko‘ra kichik, o‘rta, yirik strategik investitsiya loyihalariga imtiyozlar berish ko‘zda tutilgan, – deydi Qutbidin Burxonov. – Shuningdek, investitsiyalarni rag‘batlantirish choralari va imtiyozlar doirasi kengaytirildi. Chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonada ustav fondining chet el investitsiyalarini tashkil etishi lozimligi to‘g‘risidagi miqdori 15 foizdan 10 foizga tushirildi.
Mazkur qonunga asosan mahalliy va xorijiy investorlarga “yagona darcha” tizimi orqali vakolatli davlat organiga investitsiya takliflari bilan murojaat qilish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, ularga nisbatan adolatli va teng huquqli tarzda munosabatda bo‘lish, ularning kafolat, huquq hamda majburiyatlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tamoyillari belgilab qo‘yildi.
Senat qo‘mitasi raisi har bir qonun, qonunlardagi muhim jihatlar xususida ishtirokchilarga ma’lumotlar berdi.
Ishtirokchilar yangi qonunlar mazmun-mohiyati, ularni keng jamoatchilik o‘rtasida targ‘ib etish va boshqa masalalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga senatordan batafsil javob oldi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif, fikr, mulohazalar bildirildi.
Senat qo‘mitasi raisi ishtirokidagi bu kabi uchrashuvlar viloyatning qator tumanlarida o‘tkazilishi belgilangan.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA