Qonunbuzarlik holati aniqlandi
Buxoro viloyati “Olot” chegara bojxona posti orqali “Parranda yemi” tovarlarini noqonuniy olib o‘tishga bo‘lgan ikki urinish bartaraf etildi. Birinchi holatda yuk hujjatlarida ko‘rsatilganidan 2 630 kilogramm ortiqcha, ikkinchisida esa hujjatlarda umuman qayd etilmagan 1 184 kilogramm tovar aniqlanib, umumiy qiymati 455 million so‘mlik mahsulotlar vaqtincha saqlovga olindi.
“Xo‘jadavlat” temir yo‘l bojxona postida xorijdan keltirilgan “stilok” tovarlari bojxona nazoratidan o‘tkazilganda hujjatlarga nisbatan tafovut aniqlandi. Xolislar ishtirokida olib borilgan bojxona ko‘rigi natijasida 13,23 kilogramm ortiqcha, 123 million so‘mlik tovar borligi qayd etildi.


Shuningdek, yana bir holatda shu post orqali kirib kelgan yuklar inspeksion ko‘rikdan o‘tkazilganda 14,63 tonnaga ortiqcha, qiymati esa 124 million so‘mlik “armatura” mahsulotlari borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.