Qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida
Konstitutsiyamiz mamlakatimiz suverenitetini, uning rivojlanishini, fuqarolarimizning hayotini, jamiyatdagi o‘rni va turmush tarzini belgilab beruvchi asosiy qonundir. Ushbu huquqiy hujjat xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalariga asoslangan, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishning mustahkam yo‘lini belgilab beradi. Asosiy qonunimiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi hamda boshqa muhim xalqaro huquqiy normalarni o‘zida mujassam etadi va jahon andozalariga mos keladi.
Eng muhimi, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatimizda zamonaviy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning qonuniy asosi, diyorimizdagi tinchlik va osoyishtalik, fuqarolar va millatlararo hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yurtimizning rivojlangan davlatlar qatoriga kirishi, xalqimiz farovonligini yanada oshirishning huquqiy kafolati bo‘lib kelmoqda. Shuningdek, unda mamlakatning xalqaro munosabatlarning mustaqil sub’ekti ekani, tashqi siyosatni o‘z manfaatlaridan kelib chiqib olib borishi, xalqaro tashkilotlar va davlatlararo tuzilmalarga kirish huquqi qonuniy mustahkamlab qo‘yilgan.
Yurtdoshlarimiz ongida demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, mamlakatda ro‘y berayotgan demokratik o‘zgarishlar ko‘lamini kengaytirish, fuqarolarning huquqiy ongini oshirishda huquqiy tarbiyaning o‘rni beqiyosdir. Yurtimizda olib borilayotgan insonparvar siyosatning asosiy maqsadi ham aholi turmush darajasini yaxshilash va ularning farovon hayot kechirishlari uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoit hamda qulayliklarni yaratishdan iboratdir.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, fuqarolarning manfaatlari hamda ularning turmush tarzini belgilab beradigan strategik hujjat hisoblanadigan Konstitutsiya davr bilan hamnafas va uyg‘un ravishda doimiy takomillashib boradigan hujjatdir. Boisi, u doimo jamiyatda bo‘layotgan o‘zgarishlarga hamohang ravishda bo‘lishi, yangi tarixiy davrga javob berishi hamda mamlakatdagi demokratik o‘zgarishlarni davom ettirishga imkoniyat yaratadi. Konstitutsiyamizdagi o‘zgarishlar va bu boradagi islohotlar jamiyatning barcha qatlamlari kelishuvi asosida amalga oshiriladi. Ushbu vazifani bajarishda nafaqat huquqshunoslar, deputatlar, senatorlar, siyosatshunoslar, ilm ahli va ijodkorlar, balki har bir fuqaroning faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega. bugungi shiddatli davr zamonga mos harakat va o‘zgarishlarni talab etmoqda. Ana shunday talabga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo‘lish uchun Asosiy qonunimizning yangi loyihasi tayyorlandi.
Birinchi o‘qishda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yildi.
Xalqimiz yangi o‘zgarishlarga befarq qaramay, tashabbus ko‘rsatib, mamlakatimizda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lishga intilmoqda, konstitutsiyaviy yangilanishlarni xayrixohlik va yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqda. Mamlakatimizda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan siyosiy jarayonlar ayni qizg‘in pallaga kirgan bir paytda yurtimiz aholisining faolligi ancha oshgani yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ular mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan takliflarni berishga harakat qilishmoqda. «Mening Konstitutsiyam» platformasi orqali, koll-markaz orqali, mahallalar orqali, mahalliy deputatlik kengashlari hamda elektron pochta orqali juda ko‘p takliflar kelib tushgan.
Boisi, mazkur hujjatda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida belgilangan keng ko‘lamli vazifalar, xususan, adolatli va xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi ulug‘vor maqsadlar mujassam bo‘lgan. Bosh qomusimizga jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini ta’minlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalar kiritilmoqda. Bular har bir fuqaro turmushiga fayz, obodlik va sifat olib kirish uchun qilinayotganini hamyurtlarimiz dildan his qilishyapti.
Mazkur qonun loyihasi Bosh qomusimizning 60 dan ziyod moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartish kiritishni nazarda tutmoqda. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda. Xususan, pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam ko‘rsatishning boshqa turlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishi mumkin emasligi aniq ko‘rsatilmoqda.
bugungi kunda insoniyatning tabiatga zararli ta’siri natijasida ko‘plab ekologik muammolar vujudga kelgan. Shuning uchun insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy huquqlari qatoriga ekologik huquqlari to‘g‘risida moddalar kiritilishiga ahamiyat qaratilmoqda. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish qonunga binoan javobgarlikka sabab bo‘lishi Konstitutsiya bilan belgilanmoqda. Qolaversa, nikoh ayol va erkakning ixtiyoriy roziligi, teng huquqlilikka asoslanishi, bolalarning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishi ekani qayd etilgan.
Konstitutsiyaviy o‘zgarishlarda inson manfaatlarini ta’minlash masalasiga muhim ahamiyat qaratilgan. Jumladan, 261- va 262-moddalarni qo‘shish taklif etilmoqda. Bu yangi moddalarda quyidagilar belgilanmoqda:
– Har bir shaxs advokat yordamidan o‘z tanloviga ko‘ra hamda jinoyat protsessining har qanday bosqichida foydalanish, shaxs ushlab turilganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran foydalanish huquqiga ega.
– Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari to‘g‘risida xabardor qilinish, o‘ziga qarshi ko‘rsatma bergan guvohlar bilan yuzlashtirilish, o‘z foydasiga ko‘rsatma berayotgan guvohlarning chaqirtirilishi huquqiga ega.
– Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
– Huquqbuzarliklardan va hokimiyatni suiiste’mol qilishdan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga odil sudlovdan foydalana olishini va yetkazilgan zarar kompensatsiya qilinishini ta’minlaydi.
– Har bir shaxs davlat organlarining yoki ular mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega.
– Hech kim ayni bir huquqbuzarlik uchun ikki marta javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
– Hech bir shaxs sodir etilgan paytda huquqbuzarlik deb topilmagan qilmish uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
– Qilmish uchun jazoni istisno etadigan yoki yengillashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega.
– Javobgarlikni belgilaydigan yoki og‘irlashtiradigan qonun orqaga qaytish kuchiga ega emas.
– Hech bir inson rasmiy ravishda e’lon qilinmagan qonunga asosan hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emas.
Qolaversa, shijoatli yoshlarni tarbiyalash va Uchinchi Renessansga zamin yaratish maqsadida maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, oliy ta’lim va fan sohalarini rivojlantirish masalalari konstitutsion darajada mustahkamlanayotgani yanada quvonarli holatdir.
Xususan, 41-moddaning amaldagi tahririda: «Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir» deyilgan. Bu moddaning yangi tahriri quyidagicha bo‘lishi taklif etilmoqda:
– Har kim ta’lim olish huquqiga ega.
– Davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashadi.
– Davlat har bir bolaning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishi uchun majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini kafolatlaydi.
– Bepul umumiy o‘rta ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiydir.
– Maktab ishlari, maktabgacha ta’lim va tarbiya davlat nazoratida bo‘ladi.
– Ta’lim bo‘yicha alohida ehtiyojlarga va individual imkoniyatlarga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiya tashkil etiladi.
– Davlat iste’dodli yoshlarning moddiy ahvolidan qat’i nazar, ta’limni davom ettirishini kafolatlaydi.
– Davlatga qarashli, xususiy va boshqa shakldagi ta’lim muassasalari hamda tashkilotlarini rivojlantirish uchun davlat teng shart-sharoitlar yaratadi.
– Pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash jamiyat va davlatning maqsadi hamda mas’uliyatli vazifasidir.
– Pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Konstitutsiyaga quyidagi mazmundagi 411-modda qo‘shilmoqda:
– Har kim davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy ma’lumot olishga haqli.
– Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada o‘zini o‘zi boshqarish, akademik erkinlik, shuningdek, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega.
– Davlat ilm-fanni rivojlantirishga, jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yangilangan Bosh qomusimiz xalqimiz tomonidan berilgan minglab takliflar asosida chinakam xalqchil Konstitutsiyaga aylanadi. Mazkur o‘zgarishlarni xorijlik mutaxassislar ham e’tirof etmoqda. Konstitutsiya va qonunlarning ustuvorligi huquqiy demokratik davlat hamda erkin fuqarolik jamiyati qurishning eng asosiy kafolati hisoblanadi. Mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Bu nafaqat demokratiya, balki kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim shartidir.
Qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan chiqarilayotgan hujjatlar, shuningdek, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq bo‘ladi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir islohotning bosh maqsadi esa odamlarni rozi qilish, ular ertaga emas, aynan bugun yaxshi yashashlari uchun barcha sharoitni yaratib berishdan iboratdir.
Toshkent davlat yuridik universititining Ixtisoslashtirilgan
filiali kafedra mudiri Shuhratjon Shakirov